Parijda Kim Kardashyan’ni talon-taroj qilish bilan bog‘liq ish bo‘yicha sud yakuniy qarorini chiqardi. Oradan 10 yil o‘tib, yulduzga ramziy miqdorda — 1 yevro kompensatsiya to‘lash belgilandi.
Kardashyan’ning advokati ta’kidlashicha, bu summani aynan Kimning o‘zi talab qilgan. U sudga jinoyatchilarni aniqlash va ishni ko‘rib chiqqani uchun minnatdorlik bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, 2016-yilda Parij moda haftaligi vaqtida ikki nafar qurollangan talonchi politsiya formasida Kardashyan joylashgan Hotel de Pourtales mehmonxonasiga bostirib kirgan. Ular yulduzni bog‘lab, 10 million dollarlik zargarlik buyumlarini olib ketgan.
O‘g‘irlangan buyumlar orasida Kane Uest sovg‘a qilgan, qiymati 4 million dollar bo‘lgan nikoh uzugi ham bor edi. Uzuk hanuzgacha topilmagan.
Kardashyan ushbu hujumni o‘zi uchun “og‘ir ruhiy jarohat” bo‘lganini va uning oqibatlarini hanuz his qilishini aytgan.

