A24 kompaniyasi Robert Pattinson bosh rolni ijro etgan “Praym-taym” filmining yangi treylerini taqdim etdi. Filmning premyerasi 25-sentabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Film voqealari teleboshlovchi Kris Xansen atrofida rivojlanadi. U pedofillarni internet orqali aniqlashga qaratilgan shov-shuvli “Yirtqichni ovlash” dasturini olib boradi. Ko‘rsatuvda jurnalistlar va politsiya internetdagi pedofillarni aniqlash va fosh etishga urinadi.
Filmni Lens Oppenxaym suratga olgan. Unda, shuningdek, Merritt Uiver, Skayler Gisondo va xonanda Fibi Bridjers rol ijro etgan.
Ssenariyni Adjon Singx yozgan. Film prodyuserlari qatorida Robert Pattinson, Brayan Kavano-Jons, Fred Berger, Brayton MakKloski, Lars Knudsen va Tayler Kampellone bor. Shuningdek, filmning uslubi Den Gilroyning “Stringer” trilleri hamda “Yirtqichlar” hujjatli loyihasini eslatadi. Ayrim kino sharhlovchilar ushbu kartinani Pattinson faoliyatidagi eng kuchli ishlardan biri deb atamoqda va aktyor ushbu roli uchun ilk bor “Oskar” nominatsiyasiga sazovor bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

