Pixar animatsiya studiyasi “Gatto” nomli yangi multfilmining rasmiy treylerini e’lon qildi. Animatsion film 2027-yil 5-mart kuni kinoteatrlarda namoyish etilishi rejalashtirilgan.
Multfilm voqealari Italiyaning Venetsiya shahrida kechadi. Hikoya markazida ko‘chalarda yashovchi qora mushuk Neron turadi. Ko‘p yillik sargardonlikdan so‘ng u o‘z hayotini qayta baholay boshlaydi. Biroq mahalliy mushuklar mafiyasi boshlig‘i Rokkodan qarzdor bo‘lib qolishi uning hayotini yanada murakkablashtiradi.
Neron kutilmaganda Maysya ismli yosh ko‘cha musiqachisi bilan do‘stlashadi. To‘qqiz jonidan faqat bittasi qolgan mushuk aynan shu do‘stlik orqali hayotdagi asl maqsadini topishga urinadi.
Multfilmga “Luka” animatsion kartinasi bilan tanilgan Enriko Kasarosa rejissyorlik qilgan. Loyihaning prodyuseri Andrea Uorren hisoblanadi.
Bosh qahramon Neronni Mark Ruffalo, mushuklar mafiyasi yetakchisi Rokkoni esa Lorens Fishbyorn ovozlashtirgan. Shuningdek, Jon Turturro, Izabella Rossellini va boshqa taniqli aktyorlar ham ovoz berish jarayonida ishtirok etgan.
Film uchun original musiqalarni “Oskar” mukofoti sovrindori Dario Marianelli bastalagan. Skripka kompozitsiyalarini esa slovakiyalik musiqachi Barbora Botoshova ijro etgan.
Bundan tashqari, “Gatto” bilan birga kinoteatrlarda “Nemoni izlab” animatsion olamiga mansub “Loving Dory” (“Sevib qolgan Dori”) nomli qisqa metrajli multfilm ham namoyish etilishi aytilmoqda. Unda unutuvchan baliqcha Dorining yangi romantik sarguzashtlari hikoya qilinadi.

