Nyu-Yorkdagi Metropoliten muzeyining “Met Gala” marosimi moda olamidagi eng tomoshabop voqealardan biri hisoblanadi. Ushbu bal an’anaviy tarzda Kostyum instituti bahorgi ko‘rgazmasini ochib beradi va muzeyni qo‘llab-quvvatlash uchun millionlab dollar mablag‘ yig‘adi. 2025-yilda tashkilotchilar rekord darajadagi — taxminan 31 million dollar yig‘ilganini ma’lum qilgan edi. Shu tariqa tadbir muzey tarixidagi eng daromadli kecha maqomini yana bir bor tasdiqladi.
Har yili may oyining birinchi dushanbasida o‘tkaziladigan Kostyum instituti bali bu safar “Kostyum san’ati” mavzusiga bag‘ishlandi. U kiyim, tana va san’at o‘rtasidagi bog‘liqlikni keng tarixiy kontekstda o‘rganishga qaratilgan.

2026-yilgi “Met Gala” raislari Beyonse, Nikol Kidman, Vinus Uilyams va Anna Vintur. Shuningdek, mezbonlar qo‘mitasiga Entoni Vakarello, Zoe Kravitz, Sabrina Karpenter, Doja Ket, Sem Smit kabi mashhurlar bor. Faxriy raislar sifatida Jeff Bezos va Loren Sanches ham ishtirok etdi.
Bir necha kundan so‘ng ochiladigan ko‘rgazma esa “kiyintirilgan tana” tasviriga e’tibor qaratadi. U 5000 yildan ortiq davrni — klassik haykaltaroshlikdan tortib zamonaviy dizayngacha bo‘lgan yo‘lni qamrab oladi.



Mavzuning ochiqligi esa yulduzlarga to‘liq erkinlik berdi: kimdir mashhur rassomlar va san’at yo‘nalishlariga bevosita murojaat qildi, boshqalar esa kontseptual va deyarli performansga o‘xshash obrazlarni namoyish etdi. Aynan mana shu erkinlik — “muzey aniqligi”dan tortib haqiqiy moda spektakligacha — 2026-yilgi qizil yo‘lakni ayniqsa rang-barang qildi.
Ko‘rgazma turli “tana turlari”ga bo‘lingan:
- “yalang‘och tana”
- “klassik tana”
- kamroq o‘rganilgan yo‘nalishlar — “homilador tana” va “qarib borayotgan tana”
Shu orqali moda va tanaga nisbatan an’anaviy qarashlar kengaytirildi.
Qanday qizqarli voqealar bo‘ldi?
Beyonsening buyuk qaytishi
10 yillik tanaffusdan so‘ng Beyonse yana “Met Gala” qizil yo‘lagida paydo bo‘ldi. U bu safar yolg‘iz emas, balki 14 yoshli qizi Blu Ayvi Karter bilan birga tashrif buyurdi. Ona-qiz dueti kechaning eng ko‘p muhokama qilingan chiqishlaridan biriga aylandi.

Bed Bannining kutilmagan obrazi
Bed Banni bu yil ham hammadan ajralib turdi — u 50 yoshli erkak obrazida, grimm va kostyum orqali butunlay boshqa qiyofada chiqdi. Uning bu performansga yaqin chiqishi moda tanqidchilari tomonidan “san’at va teatr uyg‘unligi” sifatida baholandi.

Rianna va A$AP Rocky kechikishi
Har yili bo‘lgani kabi, Rihanna yana e’tibor markazida — bu safar u tadbir tugaganidan 9 daqiqa o‘tib keldi. Ammo aynan shu kechikish uning chiqishini yanada dramatik va muhokamali qildi. U A$AP Rocky bilan birga paydo bo‘lib, qizil yo‘lakni go‘yoki shouga aylantirdi.


