Fransiyadagi dunyoga mashhur Luvr muzeyi o‘zining tarixiy Apollon galereyasini yana tashrif buyuruvchilar uchun ochdi. Biroq galereya bu safar muhim o‘zgarish bilan faoliyatini qayta boshladi — unda qimmatbaho zargarlik buyumlari endi namoyish etilmaydi.
Reuters xabariga ko‘ra, XVII asrga oid hashamatli interyeri bilan mashhur bo‘lgan Apollon galereyasidagi barcha qimmatbaho eksponatlar xavfsizlikni kuchaytirish maqsadida muzeyning boshqa, yaxshiroq himoyalangan zallariga ko‘chirildi. Mazkur qaror 2025-yil 19-oktabr kuni sodir bo‘lgan shov-shuvli o‘g‘irlik ortidan qabul qilindi.

O‘shanda to‘rt nafar jinoyatchi Apollon galereyasiga kirib, vitrinalarni buzgan va sakkiz dona qimmatbaho zargarlik buyumini o‘g‘irlab ketgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yetkazilgan zarar qariyb 88 million yevroni tashkil etgan.
Shu tariqa, Apollon galereyasi yana mehmonlarni qabul qila boshlagan bo‘lsa-da, uning eng qimmat eksponatlari endilikda tashrif buyuruvchilarga muzeyning xavfsizroq hududlarida namoyish etiladi.

