“Taxtlar o‘yini” yulduzi Emiliya Klark va aktyor Josh Brolin “A Roadmap to Happiness” (“Baxt sari yo‘l”) hujjatli serialida ishtirok etadi. Bu haqda Deadline xabar berdi.
Serial boshlovchisi Derin Olyen mashhur aktyorlar bilan turli mamlakatlarga sayohat qilib, dunyodagi eng baxtli insonlarni izlaydi. Loyihada turli xalqlar baxtni qanday tushunishi va hayotdan mamnun bo‘lishlariga nimalar yordam berishi o‘rganiladi.
Emiliya Klark Portugaliyaga bag‘ishlangan qismda ishtirok etadi. Josh Brolin esa baxt reytinglarida muntazam yuqori o‘rinlarni egallaydigan Finlyandiya haqidagi yakuniy epizodda ko‘rinadi.
Brolinning ta’kidlashicha, Finlyandiyaga sayohat unga baxt ko‘pincha katta yutuqlardan emas, balki yaqinlik, soddalik va ayni lahzani his qilishdan iborat ekanini yana bir bor anglatgan.
Serialda, shuningdek, Jeyson Momoa, Sheylin Vudli, Elayja Vud va Alek Bolduin ham ishtirok etadi. Rejissyor — Keri Floyd.
“A Roadmap to Happiness” loyihasi joriy yilda “Sandens” kinofestivalida e’lon qilingan. Serialning striming platformalaridagi premyerasi 2027-yil 20-mart — Xalqaro baxt kuniga rejalashtirilgan.

