Hindistonda o‘tkaziladigan va “Oskar” mukofoti saralash festivallari qatoriga kiruvchi Bengaluru xalqaro qisqa metrajli filmlar festivali (BISFF) 16-mavsumi uchun tanlov dasturini kengaytirdi. Endilikda festivalda sun’iy intellekt yordamida yaratilgan filmlar va screendance (raqs va kinematografiyani uyg‘unlashtirgan filmlar) uchun alohida yo‘nalishlar tashkil etildi.
Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, bu yil festivalga 100 dan ortiq mamlakatdan rekord darajadagi 3340 ta ariza kelib tushgan bo‘lib, 5 mingdan ortiq delegat va 1000 dan ziyod kinoijodkor ishtirok etishi kutilmoqda. Shuningdek, bu yil ilk bor AI Films Competition yo‘nalishi ham tashkil etiladi. Unda sun’iy intellekt yordamida yaratilgan hamda AI’ning hikoya yaratish va kino ishlab chiqarishdagi o‘rnini yorituvchi filmlar namoyish etilishi rejalashtirilgan.
BISFF 2026 14–16-avgust kunlari Bengaluruda, 6–16-avgust kunlari esa onlayn formatda bo‘lib o‘tadi.

