Disney va Marvel Studios tomonidan qayta namoyish etilgan “Qasoskorlar: Intiho” filmi jahon prokatida $86 million daromad olib, qayta chiqarilgan filmlar orasida yuqori natijalardan birini qayd etdi.
Qayta namoyishning asosiy yangiligi rejissyorlar Entoni va Jo Russo suratga olayotgan “Qasoskorlar: Qiyomat kuni” filmidan eksklyuziv lavhalarning namoyish etilgani bo‘ldi. Bir necha daqiqalik yangi kadrlar kelajakdagi loyihaga qiziqishni oshirishga xizmat qilgan.
AQSh prokatida film $26 million ishlab topdi. Bu mamlakat tarixidagi qayta namoyishlar orasida uchinchi yuqori natija bo‘ldi.
Qayta namoyishdan so‘ng “Qasoskorlar: Intiho” filmining umumiy daromadi $2,885 milliardga yetdi. Shu bilan film jahon kinosi tarixidagi eng ko‘p daromad keltirgan filmlar ro‘yxatida ikkinchi o‘rinda qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, “Qasoskorlar: Intiho” 2019-yilda namoyish etilgan va uzoq vaqt davomida jahon kinosining eng yuqori daromadli filmi bo‘lib turgan. “Qasoskorlar: Qiyomat kuni” esa 2026-yil 18-dekabrda keng prokatga chiqadi.
.

