O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Turkiyaning “Tiyatro Gazetesi” nashri tomonidan ta’sis etilgan “Turkiy dunyo madaniyatiga qo‘shgan hissasi uchun” xalqaro mukofotiga loyiq deb topildi.
Mazkur mukofot Xalqaro O‘rta yer dengizi teatr mukofotlari doirasida topshiriladi. Ushbu taqdirlash marosimi Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tkazilib, O‘rta yer dengizi mintaqasi hamda xorijiy davlatlardan tanlab olingan nomzodlar turli nominatsiyalar bo‘yicha e’tirof etiladi.
“Tiyatro Gazetesi” ushbu mukofotlarni Antaliyaning madaniyat va san’at sohasidagi nufuzini oshirish, shuningdek, teatr san’ati rivojiga hissa qo‘shayotgan ijodkor va mutaxassislar faoliyatini xalqaro miqyosda e’tirof etish maqsadida o‘tgan yildan boshlab tashkil etib kelmoqda.
Tashkilotchilar O‘zbekistonda so‘nggi yillarda teatr san’atiga qaratilayotgan e’tibor, sohani qo‘llab-quvvatlash, xorijiy rejissyorlarni hamkorlikka jalb etish va mamlakat teatrlarining xalqaro festivallardagi ishtirokini alohida qayd etgan.

Tashkiliy qo‘mita qaroriga ko‘ra, ana shu jarayonlardagi xizmatlari inobatga olinib, Ozodbek Nazarbekov “Turkiy dunyo madaniyatiga qo‘shgan hissasi uchun” nominatsiyasida xalqaro mukofot bilan taqdirlanadi.
Taqdirlash marosimi 2026-yil 26-sentyabr kuni Antaliyada bo‘lib o‘tadi.

