Pop qiroli Maykl Jeksonning “The Essential Michael Jackson” albomi 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyi yakunlariga ko‘ra, Buyuk Britaniyada eng yuqori natija qayd etgan albomlar reytingida birinchi o‘rinni egalladi. Xonandaning yana ikkita albomi ham kuchli yigirmatalikdan joy oldi.
Official Charts Company ma’lumotlariga ko‘ra, 2005-yilda chiqarilgan “The Essential Michael Jackson” musiqiy to‘plami 2026-yilning yanvar–sentabr oylarida 508 mingdan ortiq chart birligini to‘plagan. Bu ko‘rsatkich albom savdolari va striming platformalaridagi tinglanishlarni ham qamrab oladi.
Reytingda britaniyalik xonanda Oliviya Dinning “The Art of Loving” albomi ikkinchi, Garri Staylzning “Kiss All The Time. Disco, Occasionally” albomi esa uchinchi o‘rinni egallagan.
Maykl Jeksonning boshqa mashhur albomlari ham yuqori natija qayd etgan. Jumladan, 1982-yilda chiqarilgan “Thriller” 16-o‘rindan, 1987-yilda taqdim etilgan “Bad” esa 20-o‘rindan joyolgan. Shu tariqa, xonandaning bir vaqtning o‘zida uchta albomi yilning eng muvaffaqiyatli 20 ta albomi qatoriga kirgan.
Mutaxassislar Jekson ijodiga qiziqishning qayta kuchayishini 2026-yil aprel oyida ekranlarga chiqqan “Michael” biografik filmi bilan bog‘lamoqda. Kartina xonandaning musiqiy merosiga e’tiborni oshirib, uning qo‘shiqlarini yangi avlod tinglovchilariga ham tanitgan.
.

