“Betmen” roli bilan mashhur aktyor Kristian Beyl AQShning Kaliforniya shtatida farzandlikka olish tizimidagi bolalar uchun mo‘ljallangan Together California shaharchasini ochdi.
Palmdaley shahrida joylashgan 11 ming kvadrat futlik majmuada 12 ta jihozlangan uy mavjud. Loyiha, avvalo, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, aka-uka va opa-singillarni birga saqlab qolishga qaratilgan.
“Bizning vazifamiz — ularning yurak iztirobi va og‘rig‘ini mehr, umid va kelajakka bo‘lgan ishonchga aylantirish”, — dedi aktyor.
Majmuada ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar voyaga yetib, mustaqil hayotga qadam qo‘ygach yashashi uchun ham ikkita studiya xonadoni mavjud. Bu yerda bolalar va yoshlar uchun barqarorlik, qo‘llab-quvvatlash va g‘amxo‘rlikka qaratilgan dasturlar amalga oshiriladi.
Beyl ushbu loyihani 2022-yilda Together California tashkiloti ijrochi direktori Tim Makkormik bilan hamkorlikda boshlagan. Loyiha uchun qariyb 9 million dollar xayriya mablag‘i yig‘ilgan.

