Nitesh Tivari rejissyorligidagi “Ramayana” filmining uzoq kutilgan treylerini namoyish qildi. To‘rt daqiqadan ortiq davom etadigan treyler o‘zining ulkan vizual yechimlari va Hans Zimmer hamda A.R. Rahman yaratgan epik musiqasi bilan ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘ldi.
Biroq, tomosha ko‘rsatkichlari borasida treyler kutilgan natijani qayd eta olmadi. Ranbir Kapur, Sai Pallavi va Yash bosh rollarni ijro etgan film treyleri ilk 24 soat ichida YouTube’da hamkor kanallar bilan birgalikda 48,9 million marta tomosha qilindi. Bu natija uni Hindistonning eng ko‘p ko‘rilgan treylerlari o‘ntaligiga olib kira olmadi.
Shuningdek, “Ramayana” xuddi shu epos asosida suratga olingan Om Rautning 2023-yildagi “Adipurush” filmidan ham ortda qoldi. Prabhas va Kriti Sanon ishtirokidagi mazkur film treyleri ilk 24 soatda barcha tillardagi platformalarda 74 million tomoshani qayd etgan edi.
Shunday qilib, “Ramayana” treyleri “Adipurush” natijasidan qariyb 33 foiz kam ko‘rishlar soni to‘pladi.

