Afsonaviy futbolchi Devid Bekhem Gollivudning “Shon-shuhrat xiyoboni”da o‘z yulduziga ega bo‘ldi. Marosimda uning turmush o‘rtog‘i Viktoriya Bekhem, farzandlari hamda yaqin do‘sti Tom Kruz ham ishtirok etgan.
Xo‘sh, bu yulduz o‘zi nima va kimlar uchun qo‘yiladi?
Shon-shuhrat xiyobonidagi yulduzlar ilk bor 1960-yilda paydo bo‘lgan. Shundan buyon Gollivud xiyobonida kino, televideniye, musiqa, radio, teatr va sport olamiga katta hissa qo‘shgan mashhurlar sharafiga qariyb uch mingta yulduz o‘rnatilgan.

Qizig‘i, bu yulduz bepulga berilmaydi. Nomzod uchun avval ariza topshiriladi, so‘ng yulduzni tayyorlash, o‘rnatish va saqlash xarajatlari uchun qariyb 75 ming dollar miqdorida homiylik puli to‘lanadi.
Devid Bekhem esa futbol tarixidagi eng mashhur shaxslardan biri sanaladi. “Manchester Yunayted”, “Real Madrid”da to‘p surgan angliyalik sobiq futbolchi hozirda Messi o‘ynaydigan “Inter Mayami” klubi xo‘jayini hisoblanadi. Endi uning nomi nafaqat futbol, balki Gollivud tarixidan ham joy oldi.

