87 yoshli aktyor Jon Voyt qizi Anjelina Joli bilan munosabatlarni tiklashga harakat qilmoqda. OAV xabarlariga ko‘ra, Joli yaqin yillarda AQShni tark etishni rejalashtirayotgani sababli, Voyt ular o‘rtasidagi aloqalar butunlay uzilib qolishidan xavotirda.

Ota va qizning munosabatlari yillar davomida murakkab bo‘lib kelgan. Ularning oilaviy muammolari 1978-yilda, Joli uch yoshligida ota-onasi ajrashganidan keyin boshlangan. Munosabatlardagi keskinlik 2002-yilda yanada kuchaydi. O‘shanda Voyt omma oldida qizining ruhiy salomatligi bilan bog‘liq muammolari borligini aytgan. Shundan so‘ng Anjelina otasining familiyasidan rasman voz kechgan.
Keyingi yillarda ular bir necha bor yarashishga uringan bo‘lsa-da, Voytning qizining shaxsiy hayoti haqidagi navbatdagi ommaviy bayonotlari sabab bu urinishlar uzoqqa cho‘zilmagan. Xabarlarga ko‘ra, Anjelina Joli egizak farzandlari — Vivyen va Noks 12-iyul kuni voyaga yetganidan so‘ng AQShdan ko‘chib ketish masalasini ko‘rib chiqmoqda.
Radar Online ma’lumotiga ko‘ra, aktyor muntazam ravishda qizi bilan bog‘lanishga harakat qiladi, bayramlarda tabriklar yuboradi va oilaning yana birlashishi uchun ibodat qiladi.
Aktyorga yaqin manbalar uning yoshi ulg‘aygani, sog‘lig‘i yomonlashayotgani va yaqinda akasidan ayrilgani sabab o‘zini yolg‘iz his qilayotganini ta’kidlamoqda. Voyt nabiralari bilan yaqin munosabat o‘rnata olmaganidan afsusda va Anjelina bilan aloqani butunlay yo‘qotib qo‘yishdan xavotirda.

