“Oushenning o‘n bir do‘sti” filmi yana qaytmoqda. Lekin bu safar voqealar umuman boshqa qahramon bilan bo‘ladi.
Margo Robbi yangi prikvel haqida ilk tafsilotlarni ochiqladi. Uning aytishicha, film voqealari 1962-yilda, Monakodagi Formula-1 poygasi fonida bo‘lib o‘tadi.
Eng qiziq joyi – bu safar syujet Denni Oushen haqida emas, balki uning ota-onasi atrofida ro‘y beradi. Ya’ni mashhur o‘g‘rining qanday “tarbiya” olgani ko‘rsatiladi. Filmga Bredli Kuper rejissyorlik qiladi va u ham bosh rollardan birini ijro etadi. Kutilishicha, u va Margo Robbi Denni Oushenning ota-onasi rolida chiqadi.
Loyiha hali boshlanish bosqichida, suratga olish ishlari esa shu yilning o‘zida start oladi. Eslatib o‘tamiz, “Oushenning o‘n bir do‘sti” franshizasi kino tarixidagi eng mashhur o‘g‘rilik hikoyalaridan biri hisoblanadi. Turli yillarda unda Jorj Kluni, Bred Pitt va Juliya Roberts kabi yulduzlar rol o‘ynagan.

