Sankt-Peterburgda 45 yoshli musiqachi, “Kukriniksi” rok-guruhining sobiq bas-gitarachisi Dmitriy Oganyanning jasadi suvdan topildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u Vasilyevskiy oroli yaqinidagi suv havzasida halok bo‘lgan.
Jasad qirg‘oqdan taxminan besh metr uzoqlikda, dengiz porti yaqinidan topilgan. Marhumning yonidan bolta va kesilgan qo‘l topilgani ma’lum qilingan. Uning o‘limining aniq sababi sud-tibbiy ekspertiza orqali aniqlanadi.

Dmitriy Oganyan “Kukiyniksi” tarkibida 2001-yildan 2018-yilgacha faoliyat yuritgan. “Vagon” taxallusi bilan tanilgan musiqachi nafaqat bas-gitara chalgan, balki guruh uchun musiqa yozgan va bek-vokal ijro etgan. U jamoaning muhim albomlarini yaratishda ham ishtirok etgan. “Kukriniksi” 1997-yilda Sankt-Peterburgda Aleksey Gorshenev tomonidan tashkil etilgan. Oganyan guruhni tark etganidan so‘ng “Brigadni podryad” jamoasida ham ikki yilga yaqin ijod qilgan.
Oganyanning vafot etganini “Kukriniksi” guruhi solisti Aleksey Gorshenev ham tasdiqladi. U musiqachini quvnoq va hayotga mehr bilan qaraydigan, iste’dodli san’atkor hamda uch farzandning otasi sifatida yodga oldi. Marhumning akasi Tigran Oganyan esa uning o‘z joniga qasd qilish haqida fikrlari bo‘lmaganini ma’lum qilgan. Voqeaning barcha tafsilotlari va o‘lim sababi hozircha aniqlanmoqda.

