Jonni Depp kapitan Jek Chittak rolida “Karib dengizi qaroqchilari”ning oltinchi qismida yana paydo bo‘lishi mumkin. Franshiza prodyuseri Jerri Brukxaymer D23 festivalida aktyor bilan muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ijodkorlar Jonni Depp bilan muzokaralar olib bormoqda va film ssenariysi ustida ishlash jarayoni davom etmoqda. Jerri Brukxaymer Deppning loyihada ishtirok etishiga umid qilmoqda. Biroq yangi film faqat Jek Chittak hikoyasining davomi bo‘lmaydi. Margo Robbi ijro etadigan qahramon filmning asosiy qahramoniga aylanadi, Deppning obrazi esa ikkinchi darajali qahramon sifatida ishtirok etadi.
Avvalroq, Depp Disney bilan mojaro ortidan Jek Chittak roliga qaytishdan manfaatdor emasligini bildirgan edi. Endilikda esa uning mashhur obrazga qaytishi ehtimoli yana paydo bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida, “Karib dengizi qaroqchilari”ning so‘nggi filmi 2017-yilda chiqqan. U jahon prokatida 795,9 million dollar daromad qilgan. Franshizaning dastlabki besh filmi esa jami qariyb 4,5 milliard dollar ishlab topgan.

