Uzbekistan Fashion Week VI: MODADAN KENGROQ MADANIY MULOQOT

Share post:

Poytaxtda 5–8-noyabr kunlari Uzbekistan Fashion Week’ning VI mavsumi bo‘lib o‘tdi. Bu yilgi moda haftaligi an’anaviy formatdan kengroq yondashuvni taklif qilib, unda moda, me’morchilik, tarixiy meros va zamonaviy madaniyat yagona ijodiy makonda birlashdi.

SUHROB HABIB: ZAMONAVIY ERKAKLAR MODASIGA O‘ZIGA XOS QARASH

Moda haftaligining ilk kuni dizayner Suhrob Habibning mualliflik kolleksiyasi bilan ochildi. Podiumga dastlab qizlar va yigitlar, so‘ng bolalar chiqib, zamonaviy klassika, nafislik va retro estetika uyg‘unlashgan liboslarni namoyish etdi.

Dizayner ijodining asosida erkaklar garderobini yangicha talqin qilish, individuallik, qulaylik va zamonaviy tendensiyalar o‘rtasidagi muvozanatni saqlash g‘oyasi yotadi. Uning kolleksiyalarida o‘ziga xos bichimlar, ifodali detallar va retro ruhidagi zamonaviy siluetlar alohida o‘rin tutadi.

NADI UZ: ZAMONAVIY MODADA MILLIY MEROS

6-noyabr kuni ushbu haftalik doirasida dizayner va stilist Nadira Abdurahmonova tomonidan asos solingan NADI UZ brendining namoyishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Davlat akademik rus drama teatri (GARDT) sahnasida milliy libos va an’anaviy to‘qimachilik mahsulotlari zamonaviy moda kontekstida qayta talqin qilingan liboslar namoyish qilindi.

Dizayner o‘z loyihalari orqali milliy merosga bo‘lgan qiziqishni qo‘llab-quvvatlash va an’anaviy kiyimlar hamda madaniy ramzlar zamonaviy garderobning ajralmas qismiga aylanishi mumkinligini namoyish etishni maqsad qilgan.

ANOR SCHOOL × IIHUB MODA, SAN’AT VA INKLYUZIYA UYG‘UNLASHGAN OPEN STUDIOS IJODIY MAKONINI TAQDIM ETDI

Uzbekistan Fashion Week VI mavsumining 3-kuni ham taassurotlarga boy o‘tdi. 7-noyabr kuni ANOR School × iiHub hamkorligidagi Open Studios — ochiq ijodiy studiyalar loyihasi o‘tkazildi. Mehmonlar yosh dizayner va rassomlarning ijodiy faoliyati bilan yaqindan tanishish, ijodiy jarayonni ichidan kuzatish hamda moda, zamonaviy san’at va inklyuziyani birlashtirgan jonli fashion-performans guvohi bo‘lishdi.

Open Studios formati mehmonlarga nafaqat tayyor ijodiy ishlar, balki ularning yaratilish muhiti va jarayoni bilan ham tanishish imkonini berdi. ANOR School × iiHub loyihasi doirasida mehmonlar g‘oyalar va dizaynerlik yechimlari qanday qilib moda va san’at uyg‘unligidagi ijodiy obyektlarga aylanishini kuzatdilar.

Dastur markazidan jonli fashion-performans o‘rin oldi. Unda badiiy obrazlar bevosita tomoshabinlar ko‘z o‘ngida yaratildi.

ANOR School va iiHub o‘quvchilari ANOR moda uyining dizayn konsepsiyasidan ilhomlanib, sakkizta maket (kiyim namunasi) tayyorlashdi. Ularni yaratishda kiyimlarni maketlash jarayonida an’anaviy ravishda qo‘llaniladigan zich bo‘z matosidan foydalanildi.

Performans davomida modellar oq rangdagi maketlarni namoyish etishdi. Shundan so‘ng sakkiz nafar mahalliy rassom bir vaqtning o‘zida ularni bezash va bo‘yashga kirishdi. Har bir rassom aerograf, bo‘yoq purkagich ballonlari, keng mo‘yqalamlar va moybo‘yoqlardan foydalangan holda o‘ziga xos badiiy yechim yaratib, oddiy maketlarni noyob san’at obyektlariga aylantirdi.

Shu tariqa, mehmonlar nafaqat tayyor obrazlarni, balki ularning yaratilish jarayonini — dastlabki shakldan mustaqil badiiy asargacha bo‘lgan bosqichlarni ham kuzatish imkoniga ega bo‘lishdi. Performans yakunida rassomlar tomonidan bezatilgan kiyim namunalari alohida badiiy ekspozitsiya tarkibidan joy oldi.

“SARPO” — O‘ZBEK AN’ANALARINING ZAMONAVIY TALQINI

Haftalikning oxirgi kunida ham bir-biridan qiziqarli voqe’liklarga boy bo‘ldi. Dastlab MOEL BOSH brendi BUTTER DINNER CLUB by Guzal Said bilan hamkorlikda “SARPO” nomli fashion performance loyihasini taqdim etdi.

Moda, shaxsiy hikoyalar va o‘zbekona mehmondo‘stlik an’analarini birlashtirgan ushbu loyiha markazida o‘zbek xalqining qadimiy to‘y an’analaridan biri — sarpo turadi. Sarpo — kelin uchun tayyorlanadigan kiyim-kechak, matolar va turli sovg‘alardan iborat tuhfalardir. Avloddan avlodga o‘tib kelayotgan ushbu an’ana mehr, e’tibor va qadriyatlar davomiyligining ramzi hisoblanadi.

MOEL BOSH loyihasida sarpo an’anasi zamonaviy badiiy talqin orqali namoyon bo‘ladi. Brend uning estetikasi va ramziy ma’nolariga murojaat qilib, madaniy merosni zamonaviy dizaynerlik liboslari orqali qayta talqin qiladi. Sovg‘a ulashish an’anasi ham tadbirning bir qismiga aylanadi: mehmonlar uchun tayyorlangan maxsus sovg‘alar sarpo g‘oyasining bugungi kundagi davomidir.

Ushbu fashion performance an’anaviy moda namoyishi formatidan farq qilgan holda, dasturxon atrofida o‘tkazildi. Mehmonlarga o‘zbekona ziyofat muhitidan ilhomlangan o‘ziga xos makon taqdim etildi. Milliy ko‘rpachalar, uchrashuvning bosh markazida bayramona bezatilgan katta dasturxon. Gastronomik konsepsiya, taomlar tortilishi va dasturxon bezagi BUTTER DINNER CLUB by Guzal Said tomonidan ishlab chiqilgan. Bunday o‘zbekona ziyofat performansning ajralmas qismiga aylanib, moda va gastronomiyani yagona makonda birlashtirdi.

Kecha konsepsiyasida 1980-yillar muhiti alohida o‘rin tutdi. Tadbirning dres-kodi — Uzbek Style of the 80s — onalarimiz va buvilarimizning o‘sha davrdagi kundalik hamda bayramona kiyinish uslubidan ilhomlangan.

O‘sha davrning vizual estetikasi orqali tashkilotchilar madaniy xotiraga zamonaviy moda uchun ilhom manbai sifatida murojaat qilib avlodlar o‘rtasidagi ijodiy bog‘liqlikni namoyon etdi.

ELEPHANT IN THE BATTLE — “NIQOB SO‘ZLASHNI BOSHLASHIDAN AVVAL”

Haftalikni ELEPHANT IN THE BATTLE brendi asoschisi Madina Mamatovaning kolleksiyasi yakun yasadi.

“Ilhom” teatrida o‘tkazilgan ushbu taqdimot markazida brendning “Niqob so‘zlashni boshlashidan avval” nomli ilk kolleksiyasi turadi. Uning yaratilishida asosiy ilhom manbalaridan biri Sergey Parajanovning 1969-yilda suratga olingan “Anor rangi” («Цвет граната») filmi bo‘lgan. Filmning o‘ziga xos vizual tili, boy ramziyligi, ranglar va predmetlar bilan ishlash uslubi dizaynerning badiiy qarashlariga katta ta’sir ko‘rsatgan.

Yana bir muhim ilhom manbai — o‘zbek qo‘g‘irchoq teatri, xususan, uning qahramonlariga xos ifodali yuzlar va niqoblardir. Madina niqob obrazi orqali insonning o‘zligini va o‘zini namoyon etish shakllarini tadqiq qiladi: niqob nimani yashiradi, nimani ko‘rsatishga imkon beradi va qachon tashqi qiyofa insonning ichki dunyosi haqida so‘zlay boshlaydi?

Kolleksiya o‘zaro bog‘langan ramziy obrazlardan tashkil topgan vizual boblar ketma-ketligi sifatida yaratilgan. Ular orasida uchta anor, suv, sochlari o‘rilgan ikki qiz obrazi, uzum va bitta novdali idish alohida o‘rin tutadi. Har bir obraz umumiy badiiy kompozitsiyaning bir qismiga aylanib, xotira, takrorlanish, o‘zlik va insonning ichki dunyosi mavzularini ochib beradi.

Kolleksiyaning vizual yechimi haykaltaroshlikka xos shakllar, ifodali siluetlar, proporsiyalar, fakturalar va dekorativ elementlar uyg‘unligiga asoslangan. Bu yerda libos shunchaki kiyim emas, balki hissiyot uyg‘otadigan, fikrlashga undaydigan va tomoshabinga o‘z talqinini yaratish imkonini beradigan mustaqil badiiy ifoda vositasi sifatida namoyon bo‘ladi.

UZBEKISTAN FASHION WEEK 2026 YAKUNI

Shunday qilib, to‘rt kun davomida Moda haftaligi an’anaviy namoyishlar doirasidan chiqib, moda, san’at va shahar madaniyatining o‘zaro uyg‘unligini aks ettiruvchi turli ijodiy formatlarni taqdim etdi.

Uzbekistan Fashion Week 2026 — mahalliy va xorijiy dizaynerlar, xalqaro moda industriyasi vakillari hamda ijodiy hamjamiyatlarni bir platformada jamlaydi. Loyihaning asosiy maqsadi – o‘zbek moda industriyasining xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlash, mahalliy dizaynerlarning ijodiy salohiyatini namoyon etish va O‘zbekistonning boy madaniy merosini zamonaviy dizayn orqali xalqaro auditoriyaga tanitish hisoblanadi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

spot_img

Tegishli maqolalar

Matyoqub Matchanov “Eng yaxshi erkak roli” nominatsiyasi bilan taqdirlandi

O‘zbekiston xalq artisti Matyoqub Matchonov Istanbul shahrida o‘tkazilayotgan VI “Qo‘rqut Ota” Turk dunyosi kinofestivalida “Eng yaxshi erkak roli” nominatsiyasi g‘olibi deb...

Disney Meduza haqida yangi film suratga oladi

Disney qadimgi yunon mifologiyasining mashhur qahramoni Meduza haqida badiiy film suratga olishni rejalashtirmoqda. Deadline nashrining xabar berishicha, loyiha Dueyn...

Gollivud “Naruto” multfilmi asosida film suratga oladi

Mashhur yapon animesi “Naruto” ilk bor haqiqiy aktyorlar ishtirokida katta ekranlarga olib chiqiladi. Filmni suratga olish ishlari 2027-yil...

Uzbekistan Fashion Week 2026: poytaxtda moda haftaligi boshlandi

5-noyabr kuni Toshkentda Uzbekistan Fashion Week 2026 moda haftaligining VI mavsumi boshlandi. Tadbirning ilk kunida dizayner Suhrob Habibning...