Rejissyor Aleks Gibnining Ilon Mask haqida suratga olgan “Musk” hujjatli filmining ilk tizeri e’lon qilindi.
Film 8-sentabr kuni 83-Venetsiya xalqaro kinofestivalida tanlovdan tashqari dastur doirasida jahon premyerasini o‘tkazadi. Keyinchalik u Toronto xalqaro kinofestivalida ham namoyish etiladi.
48 soniyalik tizerda Mask haqida qarama-qarshi fikrlar yangraydi. U bir tomondan “hayot bo‘lgan eng buyuk ixtirochilardan biri” va “haqiqiy hayotdagi Temir odam” deb ta’riflansa, boshqa tomondan “tartibsiz, shafqatsiz va xudbin” inson sifatida tasvirlanadi.
Qariyb to‘rt soat davom etadigan film Maskning shaxsiyati, faoliyati va uning atrofidagi bahsli qarashlarni yoritadi.
Film uchun Talking Heads guruhi yetakchisi Devid Birn “Let Me Sell You a Dream” (“Senga bir orzuni sotishga ijozat ber”) nomli maxsus qo‘shiq yozib, ijro etgan.

