9–19 iyul kunlari Buyuk Britaniyaning London, Birmingem, Manchester, Sheffild va Bredford shaharlarida bo‘lib o‘tadigan London Hind Kino Festivalining 17-mavsumi kino ixlosmandlari uchun qiziqarli dastur tayyorladi.

Festivalning eng muhim voqealaridan biri mashhur hind aktyori va prodyuseri Amir Xon ishtirokidagi maxsus uchrashuv bo‘ladi. U 16 iyul kuni Londondagi BFI Southbank markazida muxlislar bilan suhbatlashadi. Tadbir Amir Xon bosh rolni ijro etgan va Oskar mukofotiga nomzod bo‘lgan «Lagaan: Bir zamonlar Hindistonda» filmining 25 yilligi munosabati bilan tashkil etilmoqda. Film 12 iyul kuni BFI Imax kinoteatrida namoyish etiladi.
Festival 9 iyul kuni «52 Blue» filmining Yevropa premyerasi bilan ochiladi. Kartina misrlik rejissyor Ali Al-Arabiy tomonidan suratga olingan bo‘lib, unda hind aktyorlari Odil Husayn va Nexa Dhupiya bosh rollarni ijro etgan.
11 iyul kuni esa BBCning mashhur komediya shousi «Goodness Gracious Me» aktyorlari uzoq yillardan so‘ng yana bir sahnada jam bo‘ladi. Tadbirda serial yulduzlari Sanjeev Bhaskar, Mira Siyal, Nina Vadiya, Kulvinder Ghir va loyiha mualliflaridan biri Anil Gupta ishtirok etishi kutilmoqda.
Festival dasturidan yana bir muhim o‘rin restavratsiya qilingan «In Which Annie Gives It Those Ones» filmining Buyuk Britaniya premyerasiga ajratilgan. Film rejissyori Pradip Krishen bo‘lib, ssenariy muallifi taniqli hind yozuvchisi va Buker mukofoti sovrindori Arundati Roy hisoblanadi.
1989-yilda suratga olingan ushbu kult filmning yangi 4K talqini tomoshabinlarga ilk bor taqdim etiladi. Shuningdek, filmda keyinchalik Bollivud superyulduziga aylangan Shohrux Xonning kichik roldagi ilk ekran ko‘rinishlaridan biri ham mavjud.
Festival doirasida bir qator xalqaro premyeralar ham bo‘lib o‘tadi. Jumladan, rejissyor Jitank Singx Gurjarning «In Search of the Sky» filmi, shuningdek bangladeshlik kinoijodkorlar Rezvan Shahriar Sumitning «Master» va Mejbaur Rahmon Sumonning «Roid» filmlari britaniyalik tomoshabinlarga ilk bor namoyish etiladi.
Bu yilgi London Hind Kino Festivali Janubiy Osiyo kinosining eng sara namunalarini bir sahnaga jamlab, kino muxlislariga mashhur ijodkorlar bilan uchrashish va yangi filmlar bilan tanishish imkoniyatini taqdim etadi.

