“Eurovideniye – 2026” g‘olibasi DARA Bolgariyada katta tantanalar bilan kutib olindi. Xonanda mamlakat tarixida ilk bor “Eurovideniye” g‘olibligini qo‘lga kiritgani sababli, bugun u nafaqat mashhur san’atkor, balki milliy ramz sifatida ham e’tirof etilmoqda.

27 yoshli Darina Yotova Venadan qaytganidan buyon mamlakat bo‘ylab unga bag‘ishlangan bayram tadbirlari davom etmoqda. Vasil Levski Airport aeroportida xonandani yuzlab muxlislar Bolgariya bayroqlari, plakatlar va an’anaviy kuker liboslarida qarshi oldi. Aynan shu folklor obrazlari uning g‘olib qo‘shig‘i — Bangaranga uchun ilhom manbai bo‘lgan.
Keyinchalik Sofia markazidagi Alexander I Square maydonida minglab odamlar ishtirokida katta konsert tashkil etildi. Tadbir shahar hokimligi hamda Bolgariya milliy televideniyesi tomonidan uyushtirildi. Sofiya meri Vasil Terziev xonandaga shaharning ramziy kalitini topshirdi. DARA esa 60 metrlik qizil yo‘lak bo‘ylab yurib o‘tib, muxlislar qarshisida “Bangaranga”ni jonli ijro etdi.
“Men doim odamlarni birlashtirishni orzu qilganman. Bu orzumni ro‘yobga chiqarganingiz uchun rahmat”, — dedi xonanda tantana vaqtida.
Rasmiy ehtiromlar hali davom etmoqda. Varna shahri meri Blagomir Kotsev DARA’ga Bolgariya musiqasi va mamlakat nufuziga qo‘shgan hissasi uchun “faxriy fuqaro” unvonini berishni taklif qildi. Shu bilan birga, Sofiya shahar kengashi ham xonandani alohida mukofotlash tashabbusini ilgari surgan.
Bundan tashqari, Avren Municipality hokimligi DARA oilasi bilan bog‘liq Bliznatsi qishlog‘idan yer maydoni sovg‘a qilish taklifini ham bildirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Bangaranga” “Eurovideniye” finalida eng yaqin raqibidan 173 ballga o‘zib ketib, 2009-yildan beri saqlanib kelgan rekordni yangiladi. Endilikda Bolgariya “Eurovideniye – 2027” tanloviga ilk bor mezbonlik qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

