Ijtimoiy tarmoqlarda “2026-yilning buyuk tozalashi” deb nom olgan holat sabab Instagram foydalanuvchilari ommaviy tarzda obunachilarining yo‘qolayotganidan shikoyat qilmoqda.
Xorijiy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, platforma botlar, spam akkauntlar va “sun’iy” obunachilarga qarshi keng ko‘lamli kurashni boshlagan. Asosan obunachi ko‘paytirish servislaridan foydalangan yoki avtomatlashtirilgan faollik bilan bog‘liq profillar “tozalash” ostida qolgan. Meta hozircha bu borada rasmiy izoh bermagan. Biroq foydalanuvchilar akkauntlar bir necha soat davomida bosqichma-bosqich o‘chirib tashlanganini aytmoqda.
“Tozalash” eng ko‘p mashhurlarga ta’sir qilgan. Xabarlarga ko‘ra, Kayli Jenner bir necha soat ichida 14–15 milliondan ortiq obunachisini yo‘qotgan. Ronaldoda taxminan 8 million, Selena Gomezda esa 6 millionga yaqin obunachi kamaygani aytilmoqda.

Shuningdek, Ariana Grande, Teylor Svift va Jastin Biber auditoriyasida ham pasayish kuzatilgan.
Musiqiy guruhlar orasida “BLACKPINK” eng katta yo‘qotishlardan birini boshdan kechirgan — manbalarga ko‘ra, guruh qariyb 10 million obunachidan ayrilgan. Foydalanuvchilar “BTS” auditoriyasi ham qisqarganini payqagan.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, bu holat sun’iy intellekt asosidagi yangi moderatsiya algoritmlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Taxminlarga ko‘ra, tizim shubhali faollik, soxta akkauntlar va “haqiqiy bo‘lmagan” muvofiqlashtirilgan harakatlarni avtomatik tarzda aniqlamoqda. Shu bilan birga, ayrim foydalanuvchilar haqiqiy akkauntlar ham xato tarzda cheklanayotgani yoki bloklanayotganidan shikoyat qilmoqda.

