Internetda anchadan beri “Malikaning kundaligi” filmining davomi muhokama qilinmoqda. Endi esa Kris Payn ham loyiha tarkibiga qo‘shilishi mumkinligi aytilmoqda. Kitob muallifi Meg Kebott BookCon tadbirida uchinchi filmda Kris Payn ham bo‘lishini aytib o‘tgan. Ammo aktyorning o‘zi bu ma’lumotni tasdiqlamagan. “Men ssenariyni o‘qidim va aniq bilaman u yerda hamma uchun rol bor. Kris Payn uchun ham”, dedi yozuvchi.
Biroq loyiha hali boshlanmagan. Meg Kebottning aytishicha, suratga olish ishlari qachon boshlanishi noma’lum. Sababi Enn Xeteuey hozir juda ko‘p loyihalar bilan band. Shunga qaramay, u film “Albatta zo‘r chiqadi” deb ta’kidlagan. Hozircha aktyorlar tarkibi to‘liq e’lon qilinmagan.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil kuzida uchinchi qismni Adel Lim suratga olishi aytilgan edi. Enn Xeteuey esa Mia Termopolis roliga qaytishi rasman tasdiqlangan.

