Namangan viloyati Pop tumanida 15-aprel kuni fuqaro Jahongir Namozov o‘z uyida o‘lik holda topildi. Bosh prokuratura holat yuzasidan “Daryo”ga izoh berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa chorshanba kuni soat 15:00 da sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotnomaga ko‘ra, marhumning o‘limiga bo‘yin a’zolarining sirtmoq bilan qisilishi oqibatida yuzaga kelgan mexanik asfiksiya sabab bo‘lgan.
Shuningdek, bo‘yin sohasidagi strangulyatsion izdan tashqari boshqa tan jarohatlari aniqlanmagan. Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Jahongir Namozov 1997-yilda tug‘ilgan. “Butov Azerbaycan” gazetasining O‘zbekistondagi muxbiri sifatida faoliyat yuritgan. Jahongir Mirzo taxallusi ostida she’rlar yozgan.
U Ozarbayjon Jurnalistlar uyushmasi hamda Butunjahon yosh turk yozuvchilari uyushmasi a’zosi, “Adabiyot va tasviriy san’at” portali O‘zbekistondagi vakili bo‘lgan.

