“Uenzdey” seriali yulduzi Jenna Ortega bir paytlar aktrisalik faoliyatini butunlay tashlashni jiddiy o‘ylagan. Ammo yangi loyihadagi suratga olishlar unga o‘ziga bo‘lgan ishonchni qaytargan. Aktrisa Kid Kadining “Big Boy” podkastida aytishicha, u “You” serialining ikkinchi mavsumida rol olishidan oldin nima bilan shug‘ullanishni bilmay qolgan.

“Men o‘sha paytda hammasini tugatish vaqti kelgandek his qilgandim, — deydi Jenna Ortega. — Men o‘rta maktabga o‘tayotgan edim va bu go‘yoki yangi bosqich uchun yaxshi imkoniyatdek tuyuldi”.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bolalar uchun mo‘ljallangan loyihalardan ketgach, u noaniqlik holatiga tushib qolgan — yangi kasting direktorlar uni deyarli tanimagan. Hatto u va jamoasi bir necha oy davomida kasbni tark etish masalasini muhokama qilgan.
Barchasi “You” seriali suratga olish maydonchasiga chiqqach o‘zgargan. Jarayon unga shunchalik yoqqanki, u qarorini o‘zgartirgan: “Men o‘yladim: ‘Yo‘q, men bundan hech qachon voz kecholmayman’”.
Jenna Ortega faoliyatini bolalar loyihalaridan boshlagan. “You” serialidagi Elli Alves roli uning uchun burilish nuqtasi bo‘lgan. Keyinchalik u Uenzdey Addams obrazini ijro etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Aynan “Uenzdey” seriali unga jahon miqyosida mashhurlik olib keldi. Dastlab aktrisa bu loyihada ishtirok etishga shubha qilgan, chunki u ko‘proq filmlarda suratga tushishni xohlagan. Biroq rejissyor Tim Byortonning obro‘si hal qiluvchi rol o‘ynagan.

