“Parijdagi Emili” seriali yulduzi Lili Kollinz mashhur aktrisa Odri Xepbern obrazini gavdalantiradi. Gap 1961-yilda suratga olingan afsonaviy “Tiffanidagi nonushta” filmi yaratilishi haqida hikoya qiluvchi yangi kinoloyiha haqida bormoqda. Bu haqda Deadline xabar berdi.

Film Sem Vassonning aynan shu nomli kitobi asosida suratga olinadi. Ssenariy muallifi — Alena Smit, u avval Dikinson seriali ustida ishlagan. Rejissyor nomi hozircha oshkor etilmagan.
Loyiha Case Study Films va Imagine Entertainment kompaniyalari hamkorligida, prodyuser Skott LaStati ishtirokida amalga oshirilmoqda. Lili Kollinz filmda nafaqat bosh rolni ijro etadi, balki prodyuser sifatida ham qatnashadi. Aktrisaning so‘zlariga ko‘ra, loyiha qariyb o‘n yil davomida ishlab chiqilgan.
Ma’lumot uchun, “Tiffanidagi nonushta” filmi rejissyor Bleyk Edvards tomonidan suratga olingan. Kartina Nyu-York jamiyatida yashovchi Holli Golaytli ismli yosh ayol hayoti haqida hikoya qiladi. U badavlat insonga turmushga chiqishni rejalashtiradi, biroq qo‘shnisi — iste’dodli yozuvchi bilan tanishuvi uning hayotiga yangi ma’no olib kiradi.

