“BAFTA–2026” taqdirlash marosimida Kayli Jenner odatdagidek sevgilisi Timoti Shalame bilan birga qizil gilamga chiqmagani insonlar e’tiborini tortdi.
Kayli aktyor bilan London shahridagi Royal Festival Hall binosi ichida ko‘rishdi Ko‘rinishidan, u marosim oldidan fotosessiya va muxlislar e’tiborini Timotining o‘ziga qoldirishni ma’qul ko‘rgan.

“Eng yaxshi erkak roli” nominatsiyasiga “Buyuk Marti” filmi uchun ko‘rsatilgan Timoti Shalame qizil gilamda qora kostyum va kapalak-galstukda namoyon bo‘ldi. Kayli esa chuqur yoqali nafis ko‘ylak hamda kumush taqinchoqlar taqib, marosimga o‘ziga xos joziba bag‘ishladi. Juftlik zalda yonma-yon o‘tirib, qo‘l ushlashgan holda ko‘rindi va iliq munosabatlarini yashirmadi.
Eslatib o‘tamiz, Kayli va Timotining munosabatlari boshidanoq jamoatchilik e’tiborida. Daily Mail nashri xabariga ko‘ra, ayrim kuzatuvchilar ularning munosabatlarini PR yurishi sifatida baholab, samimiyligiga shubha bilan qaramoqda.
Shu bilan birga, juftlikni qo‘llab-quvvatlayotganlar ham talaygina. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab foydalanuvchilar Kaylini himoya qilib, ortiqcha taxmin va tanqidlardan tiyilishga chaqirishmoqda. Avvalroq ular bir necha bor ajralishlarni boshdan kechirgan bo‘lsa-da, hozir Kayli Timoti uchun mustahkam tayanch bo‘layotgani aytilmoqda. Aktyor ham sevgilisiga bo‘lgan iliq his-tuyg‘ularini ochiq namoyon etmoqda.
Bundan avval internetda Timoti Shalame va Kayli Jenner o‘rtasida nikoh shartnomasi tuzilgani haqidagi mish-mishlar ham tarqalgan edi. Biroq bu borada rasmiy tasdiq berilmagan.

