Kanadalik qo‘shiqchi Jastin Biber AQShning Ovozni yozish san’ati va fanlari akademiyasi tomonidan har yili topshiriladigan nufuzli “Gremmi” musiqa mukofotiga tantanali tarzda qaytishga hozirlik ko‘rmoqda. 68-marotaba o‘tkaziladigan taqdirlash marosimi 1-fevral kuni Los-Anjelesda (Kaliforniya shtati) bo‘lib o‘tadi.
Bu yilgi “Gremmi” marosimi Jastin Biber uchun alohida ahamiyatga ega bo‘ladi, chunki u mukofotdagi to‘rt yillik tanaffusni yakunlaydi. Tashkilotchilar ma’lum qilishicha, xonanda marosimda jonli chiqish qiladi. Biber oxirgi bor 2022-yilda sahnaga chiqqan bo‘lib, u paytda vatandoshi Deniyel Sizer va amerikalik ijrochi Giveon bilan birgalikda “Peaches” qo‘shig‘ini ijro etgan edi. Ushbu chiqish tomoshabinlar tomonidan katta olqish bilan kutib olingan.
Rolling Stone nashriga ko‘ra, Jastin Biber yulduzlar jamlangan sahna ro‘yxatiga kiritilgan. Unda Sabrina Karpenter, Post Malone, “Clipse” guruhi, Farrell Uilliams, Eddison Rey, Sombr, Lola Young, Aleks Varren, “KATSEYE” qizlar guruhi va yana ko‘plab san’atkorlar bor. Kutilishicha, ijrochilar ro‘yxati yana kengayadi.

Biberning “Gremmi”ga qaytishi 2025-yil iyul va sentyabr oylarida kutilmaganda chiqarilgan oltinchi va yettinchi albomlari — “Swag” va “Swag II” bilan bog‘liq. Ushbu albomlarda sinti-pop va R&B janrlarini uyg‘unlashtirgan jami 44 ta qo‘shiq jamlangan.
Jastin Biber nafaqat marosimda chiqish qiladi, balki to‘rt nominatsiya bo‘yicha g‘alaba qozonishi ham mumkin:
- “Daisies” qo‘shig‘i bilan — Eng yaxshi pop yakkaxon ijro,
- “Yukon” qo‘shig‘i bilan — Eng yaxshi R&B ijro,
- “Swag” albomi bilan — Eng yaxshi vokal pop albom va Yil albomi.

Faoliyati davomida Jastin Biber 23 marta “Gremmi”ga nomzod bo‘lgan, ammo hozirgacha ikki marta mukofotni qo‘lga kiritgan. Uning ilk “Gremmi”si 2015-yilda Diplo va Skrilleks bilan hamkorlikda yozilgan “Where Are Ü Now” qo‘shig‘i uchun “Eng yaxshi raqs musiqasi yozuvi” nominatsiyasida berilgan. 2021-yilda esa u Dan + Shay duet bilan ijro etilgan “10 000 Hours” qo‘shig‘i uchun “Eng yaxshi kantri duet yoki guruh ijrosi” yo‘nalishida g‘olib bo‘lgan.

