Kecha, 28-yanvar kuni poytaxtda madaniyat va san’at sohasidagi nufuzli loyihalardan biri bo‘lgan — “Yangi O‘zbekiston yulduzlari” milliy mukofoti bu yilda o‘zgacha ruh va keng qamrov bilan o‘tkazildi.
To‘rtinchi bor tashkil etilgan ushbu tadbirga qator yangiliklar kiritildi. Xususan, ilk marotaba xorijiy davlatlarda o‘zbek madaniyati va san’atini faol targ‘ib qilayotgan hamdo‘stlik mamlakatlari vakillari uchun “Yilning eng yaxshi xorijdagi o‘zbek madaniyati targ‘ibotchisi” nominatsiyasi joriy etildi. Ushbu yangilik mukofotning xalqaro darajaga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.


Shuningdek, tantanali marosimda madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov, vazir o‘rinbosarlari Murodjon Majidov va Yusufjon Usmonov hamda madaniyat va san’at sohasi vakillari, xorijiy mehmonlar ishtirok etdi. Jumladan, 2025-yilda dunyo miqyosida xitga aylangan “Homay” qo‘shig‘i ijrochilari — Boshqirdistonning “Ay Yola” guruhi, Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbekiston xalq artisti Nigina Amonqulova, Ozarbayjon xalq artisti Mensum Ibrahimov hamda O‘zbekiston va Ozarbayjon xalq artisti Gulyanaq Memedova mehmon sifatida qatnashdi.
Tadbir davomida xalqaro maydonda o‘zbek milliy madaniyati va san’ati nufuziga, o‘zining samarali mehnati bilan soha rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan xorijiy san’atkorlarning bir guruhiga – Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbekiston xalq artisti – Nigina Amonqulova; Ozarbayjon xalq artisti – Mansum Ibrahimov; O‘zbekiston va Ozarbayjon xalq artisti – Gulyanaq Mammadova; Boshqirdiston Respublikasining “Ay-Yola” guruhi prodyuseri – Ruslan Shayxitdinov; Boshqirdiston Respublikasining “Ay-Yola” guruhi xonandasi – Adel Shayxitdinova; Boshqirdiston Respublikasining “Ay-Yola” guruhi xonandasi – Rinat Ramazanovlarga O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining «Madaniyat va san’at fidokori» ko‘krak nishoni taqdim etildi.

Milliy mukofotga yangi qo‘shilgan “Yilning eng yaxshi xorijdagi o‘zbek madaniyati targ‘ibotchisi” nominatsiyasiga ilk nomzodlar, yaponiyalik Mashu Komazaki, qozog‘istonlik Arman Nurmaxamatuli hamda ozarbayjonlik Sahib Pashshazadelar kiritilib, ulardan qozog‘istonlik Arman Nurmaxamatuli to‘plangan ovozlar soniga ko‘ra g‘olib deb topildi.
Musiqiy kompozitsiyalarga boy konsert dasturi davomida madaniyat va san’at sohasida 2025-yil davomida yuqori natijalarga erishgan, respublika va xalqaro tadbirlarda faol ishtirok etgan sohaning munosib vakillari 20 ta nominatsiyada taqdirlandi:
“Yilning eng yaxshi erkak maqom xonandasi” – Ozodjon Tillanаzarov
“Yilning eng yaxshi ayol maqom xonandasi” – Nargizaxon Raxmonova
“Yilning eng yaxshi opera ijrochisi” – Damir Raxmonov
“Yilning eng yaxshi spektakli” – “Ikki qalb nolasi”
“Yilning eng yaxshi teatr aktyori” – Ulug‘bek Ahmedov
“Yilning eng yaxshi teatr aktrisasi” – Rayxona Ubaydullayeva
“Yilning eng yaxshi teatr rejissyori” – Qudrat Otajonov
“Yilning eng yaxshi dramaturgi” – Qo‘chqor Norqabilov
“Yilning eng yaxshi sirk artisti” – Abdujalil Jalilov
“Yilning eng yaxshi filmi” – “Amaliyotchi qiz”
“Yilning eng yaxshi askiyachisi” – Mansur Oxunov
“Yilning eng yaxshi qiziqchisi” – Elmurod Haqnazarov
“Yilning eng yaxshi yosh baxshisi” – Muhammadali Soatov
“Yilning eng yaxshi rangtasvir rassomi” – Alisher Hamdamov
“Yilning eng yaxshi madaniyat markazi” – Jizzax viloyati, Forish tumani madaniyat markazi
“Yilning eng yaxshi folklor jamoasi” – “Durdona” folklor-etnografik xalq jamoasi
“Yilning eng yaxshi raqqosasi” – Komila Ibroximova
“Yilning eng yaxshi estrada erkak xonandasi” – G‘aybulla Tursunov
“Yilning eng yaxshi estrada ayol xonandasi” – Dilnoza Hakimova
“Yilning eng yaxshi xorijdagi o‘zbek madaniyati targ‘ibotchisi” – Arman Nurmaxamatuli




Mukofotga sazovor bo‘lgan ijodkorlar mukofotning maxsus statuetkasi hamda sertifikati, shu bilan birga, bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida pul mukofoti bilan moddiy rag‘batlantiriladi.

