
Aktrisaning vafoti haqida Brijit Bardo jamg‘armasi rasman ma’lum qildi.
Jamg‘arma AFP agentligiga yo‘llagan bayonotida shunday deyiladi:
“Brijit Bardo jamg‘armasi chuqur qayg‘u bilan o‘z asoschisi va prezidenti — butun dunyoga mashhur aktrisa va qo‘shiqchi, nufuzli ijodiy faoliyatidan voz kechib, hayoti va kuch-g‘ayratini hayvonlarni himoya qilishga bag‘ishlagan Brijit Bardoning vafot etganini ma’lum qiladi.”
Aktrisaning qachon va qayerda vafot etgani haqida ma’lumot berilmagan.
Brijit Bardo 1956 yilda suratga olingan “Va Xudo ayolni yaratdi” filmi orqali butun dunyoga tanildi. Film ssenariysi va rejissyori uning o‘sha paytdagi turmush o‘rtog‘i Roje Vadim edi. Keyingi yigirma yil davomida Bardo kino tarixida “jozibali ayol” obrazining yorqin timsoliga aylandi.

Biroq 1970-yillar boshida u kinodan ketishini e’lon qildi va tobora ijtimoiy-siyosiy faollikka berildi. Hayvonlar huquqlarini ochiq himoya qilishi bilan tanilgan Bardo keyinchalik bahsli bayonotlari, etnik ozchiliklarga nisbatan keskin fikrlari hamda Fransiyadagi ultrao‘ng “Milliy front” partiyasini qo‘llab-quvvatlagani sabab bir necha bor nafrat qo‘zg‘atishda ayblanib, sud hukmlariga duch kelgan.
Brijit Bardo 1934 yilda Parijda, farovon va an’anaviy katolik oilasida tug‘ilgan. Yoshligidanoq raqsga qiziqib, balet bo‘yicha tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ldi va Parijdagi nufuzli Musiqa va raqs konservatoriyasiga qabul qilindi. Shu bilan birga u model sifatida ham ishlay boshladi va atigi 15 yoshida, 1950 yilda Elle jurnalining muqovasida paydo bo‘ldi.
Modellik faoliyati unga kino eshiklarini ochdi. Kastinglardan birida u Roje Vadim bilan tanishdi va 18 yoshga to‘lganidan so‘ng, 1952 yilda unga turmushga chiqdi. Avvaliga kichik rollarda ko‘rinsa-da, har bir yangi film bilan uning mashhurligi oshib bordi. 1955 yilda u “Dengizdagi doktor” filmida aktyor Dirk Bogardning sevimlisi rolini ijro etib, tomoshabinlar e’tiborini yanada kuchliroq tortdi.

