2023-yilda chiqqan birinchi animatsion “Mario” filmi jahon prokatida 1,36 milliard dollar daromad qilgan edi. Universal studiyasi, kinoteatrlar va kombinezon sotib olishni o‘ylayotgan erkaklar uchun yaxshi yangilik: “The Super Mario Galaxy Movie” prokatda 1 milliard dollardan ortiq mablag‘ yig‘ib, 2026-yilda bu natijaga erishgan birinchi film bo‘ldi.

Ushbu hafta yakuniga ko‘ra, film AQSH ichki bozorida 428,5 million dollar, xalqaro prokatda esa 571,5 million dollar yig‘ib, umumiy hisobda 1 milliard dollardan oshdi.
Filmning avvalgi qismi — The Super Mario Bros. Movie — 2023-yilda jahon bo‘ylab 1,3 milliard dollardan ortiq daromad keltirgan edi. Shu tariqa, ikki film natijasiga ko‘ra, Mario franshizasi Gollivudning eng daromadli animatsion seriyalaridan biriga aylanib, jahon bo‘ylab 2,3 milliard dollarlik chipta savdosi bilan to‘qqizinchi o‘rinni egalladi.
U quyidagi mashhur animatsion franshizalar qatoridan joy oldi:
- Inside Out — ikki film bilan 2,56 mlrd dollar;
- Kung Fu Panda — to‘rt film bilan 2,37 mlrd dollar;
- Madagascar — yetti film bilan 2,26 mlrd dollar.
Eng katta daromad keltirgan animatsion franshiza esa hali ham Despicable Me bo‘lib qolmoqda. Universal va Illumination tomonidan yaratilgan ushbu seriya olti film orqali 5,64 milliard dollar yig‘gan.
AQSH ichki bozorida Mario franshizasi animatsion filmlar orasida beshinchi o‘rinda turibdi. Undan yuqorida:
- Despicable Me,
- Shrek,
- Toy Story,
- Inside Out joylashgan.
«The Super Mario Galaxy Movie» filmida Universal, Illumination va Nintendo yana hamkorlik qilgan. Syujetga ko‘ra, Mario va uning do‘stlari — Luigi, Yoshi, Bowser va Princess Peach — koinot bo‘ylab sayohat qilib, Princess Rosalinani Bowser va uning o‘g‘lidan qutqarishga harakat qiladi.
Shu bilan birga, Michael nomli Maykl Jekson haqidagi biografik film ham 1 milliard dollarlik marraga yaqinlashmoqda. Prokatning yettinchi haftasi yakuniga ko‘ra, uning jahon bo‘yicha umumiy daromadi 888 million dollarni tashkil etgan.

