Pop qiroli Maykl Jekson hayotiga bag‘ishlangan “Maykl” biografik filmi 2027-yilgi “Oltin globus” mukofotining musiqiy yoki komediya filmi yo‘nalishidan drama yo‘nalishiga o‘tkazildi.
TheWrap nashrining xabar berishicha, bunga filmdagi musiqiy sahnalar mukofot talablariga to‘liq javob bermagani sabab bo‘lgan. Qoidalarga ko‘ra, musiqiy filmlardagi qo‘shiqlar voqealar rivojiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi kerak. “Maykl” filmidagi musiqiy chiqishlar esa asosan konsert sahnalarining qayta yaratilgan ko‘rinishi sifatida baholangan.
Mazkur qaror bosh rol ijrochisi Jafar Jeksonning “Eng yaxshi dramatik film aktyori” nominatsiyasi uchun kurashishini anglatadi. Bu yo‘nalishda raqobat kuchliroq bo‘lishi kutilmoqda.
Lionsgate kinostudiyasi 31-oktabrgacha qaror ustidan apellyatsiya berishi mumkin. “Oltin globus” mukofotining 2027-yilgi taqdirlash marosimi 10-yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.

