Ilon Maskning advokati rejissyor Aleks Gibniga “Musk” hujjatli filmi yuzasidan sudga murojaat qilinishi mumkinligi haqida ogohlantiruvchi xat yubordi.
Advokatning fikricha, filmda Mask 2024-yilgi AQSh prezidentlik saylovlariga ta’sir o‘tkazish uchun Starlink tizimidan foydalangan bo‘lishi mumkin degan noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otuvchi sahna bor.
Ilon Maskning o‘zi filmda ishtirok etmagan. Biroq unda uning sobiq rafiqasi Jastin Mask, sobiq hamkori Eshli Sent-Kler, otasi Errol Mask hamda Tesla kompaniyasi hammuassisi Martin Eberhard intervyu bergan.
Filmga oid e’tirozlarga Eshli Sent-Kler ishtirokidagi sahna sabab bo‘lgan. U saylovlar oldidan Mask “matritsadagi anomaliyani chiqarish” niyatida ekanini aytganini, shundan so‘ng esa unga “kosmosdagi o‘n mingta lazer” haqida xabar yuborganini bildirdi.
Mask tomoni esa Starlink saylovlardagi ovozlarni hisoblash jarayoniga aloqador bo‘lmaganini ta’kidlamoqda.
Qariyb to‘rt soatlik film 8-sentyabr kuni Venetsiya kinofestivalida namoyish etildi. AQShda esa 16-oktyabrdan prokatga chiqishi kutilmoqda.

