Disney 2026-yilda jahon kinoprokatida 3 milliard dollardan ortiq daromad to‘plagan ilk Gollivud kinostudiyasi sifatida tarixga kirdi. Rekord natijaga studiyaning navbatdagi yirik hiti “O‘yinchoqlar tarixi 5” filmi katta hissa qo‘shdi.
Kompaniyaning muvaffaqiyatida “Qattiqqo‘l xonim 2”, “Mandaloriyalik va Grogu” hamda Pixar’ning original animatsiyasi “Sakrovchilar” ham katta rol o‘ynadi. Mazkur filmlar yuqori kassaboplik ko‘rsatkichlari bilan Disney’ga raqobatchilaridan sezilarli ustunlikni ta’minladi.
E’tiborlisi, studiya iyun oyining boshidayoq jahon prokatida 2 milliard dollar daromad to‘plagan birinchi kompaniyaga aylangandi. Oradan bir oy ham o‘tmay bu ko‘rsatkich yana 1 milliard dollarga oshib, yangi rekord qayd etildi.
Yil yakuniga qadar Disney kassadagi ustunligini yanada mustahkamlashni maqsad qilgan. Bunga yaqinlashib kelayotgan “Moana” animatsion filmining badiiy talqini kabi yirik premyeralar xizmat qilishi kutilmoqda.

