Namangan shahrida III Xalqaro maqom san’ati forumi doirasidagi muhim tadbirlardan biri – “Sharq maqom san’atining zamonaviy yo‘nalishlari: an’ana va yangilanish uyg‘unligi” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boshlandi.
Bugun 24-iyun kuni ish boshlagan anjumanda dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan san’atshunoslar, musiqashunos olimlar, madaniyat sohasi mutaxassislari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda oliy ta’lim muassasalari rahbarlari qatnashmoqda. Tadbir Sharq musiqa merosining noyob namunasi bo‘lgan maqom san’atini chuqur o‘rganish, uning ilmiy asoslarini tahlil qilish va bugungi rivojlanish jarayonlarini muhokama etishga bag‘ishlandi.

Konferensiya davomida maqom, mug‘om, maqam va boshqa turdosh musiqa an’analarining tarixiy ildizlari, nazariy jihatlari hamda ijrochilik maktablari yuzasidan ma’ruzalar tinglanmoqda. Shuningdek, ushbu san’at turining ta’lim tizimidagi o‘rni, xalqaro miqyosdagi hamkorlik imkoniyatlari va istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlari muhokama qilinmoqda. Anjuman doirasida xorijiy va mahalliy oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan uchrashuvlar hamda memorandumlar imzolanishi ham ko‘zda tutilgan.
25-iyun kuni ham davom etadigan konferensiyaning sho‘ba yig‘ilishlarida maqom san’atining tarixi, manbalari, ilmiy-nazariy masalalari va zamonaviy ta’lim bilan bog‘liq mavzular yuzasidan ham fikr almashiladi.

