“Maykl” filmi haqida: haqiqat va badiiy to‘qimalar

Share post:

“Maykl” biopik filmi jahon prokatiga chiqqaniga bir oydan oshdi, Rossiyada esa tomoshabinlar uni 2026-yil 28-maydan boshlab ko‘rish imkoniga ega bo‘lishdi. Film qanday chiqqan va Maykl Jekson hayotidan qaysi muhim faktlar unda tilga olinmagan? Quyida shu haqda batafsil.

Film va uning yaratilishi

Film 2026-yil 24-aprelda jahon bo‘ylab namoyish etildi. Rejissyor — Antuan Fukua. Kartina Jeksonlar oilasi tomonidan ma’qullangan va unda Maykl Jeksonning bolaligidan boshlab, “The Jackson 5” guruhi orqali mashhurlikka erishishi va “Bad Tour” turnesigacha bo‘lgan davri ko‘rsatilgan. Biroq tanqidchilar filmni iliq qabul qilishmadi. Asosiy e’tiroz — biopik Maykl Jekson hayotining noqulay va bahsli jihatlarini deyarli butunlay chetlab o‘tadi. Ayniqsa, voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik ayblovlari umuman tilga olinmagan.

Nega film 1988-yilda tugaydi?

Film aynan Mayklning bolaligi va dastlabki faoliyatiga qaratilgan. Hikoya 1988-yildagi “Bad Tour” boshlanishi oldidan to‘xtaydi. Bu qaror tasodifiy emas: prodyuserlar orasida Jeksonning qarindoshlari ham bor, ular esa keyingi yillardagi mojarolarni yana bir bor ekranlashtirishni istamagan.

Natijada film ko‘proq quyidagi mavzularga urg‘u beradi:

  • Mayklning ijodi va iste’dodi;
  • bolalikdagi ruhiy jarohatlar;
  • otasi Jozef Jeksonning qattiqqo‘lligi va oiladagi zo‘ravonlik.

Ammo bu mavzular ham juda ehtiyotkor, yumshatilgan tarzda ko‘rsatilgan.

Maykl Jekson rolini kim o‘ynagan?

Filmning eng muvaffaqiyatli jihatlaridan biri — bosh rol uchun aktyor tanlovi. Mayklni uning jiyani Jafar Jekson ijro etgan. U ilgari kino tajribasiga ega bo‘lmagan, biroq rol uchun:

  • soatlab raqs mashg‘ulotlari;
  • aktyorlik saboqlari;
  • vokal tayyorgarligi;
  • Maykl bilan ishlagan xoreograflar bilan treninglardan o‘tgan.

Jafarning aytishicha:

“Men bir harakat mukammal chiqmaguncha qayta-qayta mashq qilardim. Oyoqlarim qonab ketguncha raqs tushgan paytlar bo‘lgan.” Filmda studiyadagi qo‘shiqlarni Jafar o‘zi kuylagan, konsert sahnalarida esa uning ovozi Mayklning asl yozuvlari bilan birlashtirilgan.

Tanqidchilar nima dedi?

Ko‘pchilik sharhlarda film “sayqallangan”, “shablon”, “tarixni qayta yozuvchi” deb ataldi. Tanqidchilar fikricha, kartina Mayklning murakkab shaxsiyatini chuqur ochib bera olmagan va faqat afsonaviy yulduzga hurmat bajo keltirish bilan cheklangan.

Filmda qaysi joylar badiiy to‘qima?

1. Jon Branka va Jozef Jekson sahnasi

Filmda huquqshunos Jon Branka Mayklning otasi Jozef Jeksonni faks orqali “ishdan bo‘shatadi”. Biroq tarixiy jihatdan bu voqea tasdiqlanmagan.

2. Janet Jeksonning yo‘qligi

Filmda Mayklning mashhur singlisi Janet Jekson umuman ko‘rinmaydi. Bu uning shaxsiy iltimosiga binoan qilingan.

3. Off the Wall albomi haqidagi dramatizatsiya

Kartinada go‘yoki “Off the Wall” Mayklning ilk mustaqil ishi sifatida ko‘rsatiladi. Aslida esa u undan oldin ham to‘rtta solo albom chiqargan. Ammo aynan “Off the Wall” unga haqiqiy ijodiy erkinlik bergani rost.

Filmda nimalar ko‘rsatilmagan?

1. Thriller klipi paytidagi mojaro

Internetda tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, “Thriller” klipi suratga olinayotganda Jozef Jekson maydonga kelgan va Maykl rejissyor Jon Landisdan uni chiqarib yuborishni so‘ragan. Filmda bu voqea yo‘q.

2. Mayklning shaxsiy hayoti

Biopik Mayklning sevgi munosabatlarini deyarli tilga olmaydi. Aslida esa u o‘sha davrda aktrisa Tatum O’Nil bilan uchrashgan, keyinroq unga Bruk Shilds va “Thriller”dagi hamrohi Ola Rey bilan romanlar nisbat berilgan.

3. The Jackson 5 ning striptiz-klublardagi chiqishlari

Bu noqulay, ammo tarixiy fakt ham filmda yo‘q.

4. Quincy Jones bilan hamkorlik

1978-yildagi “The Wiz” (“Oz mamlakati sehrgari”) filmidagi roli va aynan shu loyiha orqali Quincy Jones bilan tanishgani juda qisqa tilga olinadi. Holbuki, Jones bilan hamkorlik Maykl karerasidagi eng muhim burilishlardan biri bo‘lgan.

Filmda nimalar kesib tashlangan?

Film dastlab 2025-yil oktyabrida chiqishi kerak edi, ammo ko‘plab sahnalar qayta montaj qilingani sabab 2026-yil apreliga qoldirildi.

Kesilgan muhim elementlar:

  • Diana Ross ishtirokidagi sahnalar — “huquqiy cheklovlar” sabab olib tashlangan.
  • Filmning boshlanishi va oxiri dastlab Neverland ranchosidagi politsiya reydi bilan bog‘liq bo‘lishi kerak edi.
  • Bu g‘oyadan voz kechishga sabab — Jordan Chandler va uning oilasi bilan tuzilgan sudgacha kelishuvdagi cheklovlar.
  •  

Mayklning sog‘ligi va qaramliklari

Filmda faqat vitiligo bilan bog‘liq kichik epizod ko‘rsatiladi. Plastik operatsiyalar esa ko‘proq “mukammal ko‘rinishga intilish” sifatida talqin qilinadi. Aslida esa:

  • ba’zi operatsiyalar sahnadan yiqilish oqibatida;
  • burun operatsiyasi esa Pepsi reklamasidagi yong‘in hodisasidan keyin amalga oshirilgan.

Eng muhimi — Mayklning og‘riq qoldiruvchi dorilarga qaramligi filmda deyarli ko‘rsatilmagan, holbuki bu muammo uning keyingi hayotiga jiddiy ta’sir qilgan.

Ikkinchi qism bo‘ladimi?

Ha. Yaratuvchilar filmning davomi ustida ishlashayotganini tasdiqlashgan. Ikkinchi qism 2027-yilda chiqishi mumkin va unda Mayklning Bad Tour’dan keyingi faoliyati ko‘rsatilishi rejalashtirilgan.

Demak, keyingi filmda:

  • yangi muvaffaqiyatlar;
  • murakkab mojarolar;
  • va ehtimol, eng bahsli davrlar ham tilga olinishi mumkin.

Ammo ayrim shaxslar va voqealar bo‘yicha huquqiy cheklovlar saqlanib qolayotgani uchun bu qanday amalga oshirilishi hozircha noma’lum.

Xulosa

“Maykl” — bu avvalo Maykl Jeksonning iste’dodi va sahnadagi buyukligini madh etuvchi film. Unda kuchli musiqiy sahnalar va Jafar Jeksonning juda ishonarli ijrosi bor. Ammo tarixiy nuqtai nazardan kartina ko‘proq “oilaviy versiya”ga o‘xshaydi: murakkab faktlar yumshatilgan, ba’zilari esa umuman chetlab o‘tilgan. Shuning uchun filmni tomosha qilayotganda uni to‘liq hujjatli biografiya emas, balki badiiy va hissiy talqinga ega biopik sifatida qabul qilish to‘g‘riroq bo‘ladi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

spot_img

Tegishli maqolalar

Jennifer Lopesning sobiq eri Pi Diddini tahdid va ta’qibda aybladi

Jennifer Lopesning sobiq turmush o‘rtog‘i Ohani Noa reper Pi Diddiga nisbatan  jiddiy ayblov bilan chiqdi.The Sun nashriga bergan...

Kristofer Nolan nega romantik komediya suratga olmaydi?

Odatda ilmiy-fantastik va murakkab syujetli filmlari bilan tanilgan rejissyor Kristofer Nolan nega romantik komediya janriga qo‘l urmasligini ma’lum...

Luvr muzeyining afsonaviy Apollon galereyasi o‘g‘irlikdan keyin ilk bor tashrif buyuruvchilarni bag‘riga oldi

Fransiyadagi dunyoga mashhur Luvr muzeyi o‘zining tarixiy Apollon galereyasini yana tashrif buyuruvchilar uchun ochdi. Biroq galereya bu safar...

Vulture Gollivudning eng kuchli 100 rejissyorini e’lon qildi

Vulture jurnali Gollivudning eng nufuzli 100 nafar rejissyor reytingini e’lon qildi. Roʻyxatning birinchi pogʻonasini britaniyalik rejissyor Kristofer Nolan...