Bugun, 27-aprel kuni Xiva shahrida III “Lazgi” xalqaro raqs festivali doirasida “Jahon madaniy taraqqiyotida raqs san’ati: an’ana va umumbashariy qadriyatlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Madaniyat vazirligi, Xorazm viloyati hokimligi, YUNESKO, TURKSOY hamda boshqa qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi. Xalqaro ilmiy anjumanda AQSH, Turkiya, Hindiston, Rossiya, Fransiya, Koreya va boshqa davlatlardan kelgan san’atshunos olimlar, xoreografiya mutaxassislari hamda oliy ta’lim muassasalari professor-о‘qituvchilari, magistr va talabalari qatnashdi.
Tadbirning asosiy maqsadi — Xorazm lazgi raqsining tarixiy ildizlari, estetik xususiyatlarini o‘rganish, uni asrash va rivojlantirish hamda raqs san’ati orqali xalqaro madaniy aloqalarni mustahkamlashdan iborat. Konferensiyaga soha mutaxassislari va san’atshunos olimlar, tadqiqotchilar tomonidan o‘zbek milliy raqs san’ati targ‘iboti, xorijiy mamlakatlardagi о‘zbek milliy raqs dastalarining faoliyati tadqiqiga oid 200 dan ortiq maqolalar yuborilgan bо‘lib, tahririyat tomonidan ularning 116 tasi qabul qilindi va nashrga tavsiya etildi. Ushbu xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya yakunida rezolyutsiya qabul qilindi.



