Rejissyorlar Fil Lord va Kristofer Miller suratga olgan “Loyiha: Dunyoning oxiri” filmi prokatning deyarli bir oyi ichida 510 million dollar daromad yig‘di. Bu Rayan Gosling faoliyatidagi ikkinchi eng kassabop film bo‘ldi.

Shimoliy Amerikada film 256 mln dollar, boshqa davlatlarda esa 254 mln dollar ishlab topgan. Film byudjeti 190 mln dollarni tashkil etgan.
“Loyiha: Dunyoning oxiri” Rayan Gosling uchun eng muvaffaqiyatli loyihalardan biri bo‘lib, uning karyerasida ikkinchi o‘rinda turadi. Birinchi o‘rinda esa “Barbi” filmi bo‘lib, u 1,4 milliard dollar daromad qilgan.
Film Endi Veyerning “Loyiha: Dunyoning oxiri” romaniga asoslangan. Asar markazida sobiq molekulyar biolog va maktab o‘qituvchisi Raylend Greys turadi. U astronavtga aylanadi va kosmik kemada hushiga kelganida qanday qilib u yerga kelib qolganini eslay olmaydi. Keyinchalik u insoniyatni global falokatdan qutqarish uchun Yerga 12 yorug‘lik yili uzoqlikdagi Tau Kita yulduziga yuborilganini eslaydi.
Film ssenariysini Dryu Goddard yozgan. U avval ham “Mars tutquni” filmini ekranlashtirgan.
Shuningdek, yaqinda ma’lum bo‘lishicha, film asosida VR o‘yin ham yaratiladi. “Yulduzlar ichra sayohat” nomli loyiha 2026-yil oxirida chiqishi rejalashtirilgan. O‘yin uchun yangi syujet bobini ham Endi Veyer yozgan bo‘lib, u hikoyani kitob va film voqealaridan keyin davom ettiradi.

