Mashhur amerikalik qo‘shiqchi Billi Aylish faoliyatining yangi yo‘nalishini sinab ko‘rmoqchi. Variety nashri xabariga ko‘ra, u o‘zining ilk katta filmidagi ishtiroki bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

Gap yozuvchi Silviya Platning mashhur yarim avtobiografik romani — “The Bell Jar” ekranlashtirilishi haqida ketmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, filmda bosh rolni aynan Billi Aylish ijro etishi mumkin.
Film rejissyori sifatida “Oskar” mukofoti sovrindori Sara Polli ishlaydi. Hikoya 1950-yillarda yashagan yosh yozuvchi qiz haqida bo‘lib, u ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolarni boshdan kechiradi.
“The Bell Jar” — Silviya Platning yagona romani bo‘lib, u dastlab muallif tomonidan taxallus ostida nashr qilingan.
Qiziq tomoni shundaki, Gollivudda ushbu asarni ekranlashtirishga bir necha bor urinishlar bo‘lgan, biroq ko‘plab loyihalar suratga olish bosqichiga yetib bormagan. Masalan, aktrisa Kirsten Danst ham bir paytlar filmni suratga olmoqchi bo‘lgan, biroq loyiha amalga oshmay qolgan. Mutaxassislarning fikricha, buning sababi asarning murakkab talqini bo‘lishi mumkin, chunki voqealarning katta qismi bosh qahramonning ichki kechinmalarida sodir bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Billi Aylish ilgari ham aktrisalikni sinab ko‘rgan — u 2023-yilda “Swarm” (“To‘da”) serialida kichik rol ijro etgan. Biroq u hali katta kinoda to‘liq rol o‘ynamagan.

