Irlandiyalik aktyor va musiqachi Killian Myorfi 28-fevral kuni Manchesterda bo‘lib o‘tgan “BRIT Awards 2026” marosimi haqida o‘z fikrini bildirdi.
Kechaning asosiy yulduzlaridan biri ispan qo‘shiqchisi Rozaliya bo‘ldi. U marosimda chiqish qilib, “Xalqaro yil xonandasi” nominatsiyasida mukofotni qo‘lga kiritgan edi. San’atkor sahnada to‘rtinchi studiyaviy albomi — LUX’dan “Berghain” singlini ijro etdi.

Chiqish juda katta shouga aylandi: Rozaliyaga “London Symphony Orchestra” musiqachilari va xor hamrohlik qilgan. Ular bir vaqtning o‘zida raqqoslar vazifasini ham bajardi. Tomoshabinlar uchun yana bir syurpriz — islandiyalik qo‘shiqchi Borkning sahnaga chiqishi bo‘ldi. Qo‘shiqning original versiyasida u bir naqoratini kuylaydi.

Shundan so‘ng zalda amerikalik DJ Konrad Teylor tayyorlagan “Berghain” remiksi yangradi. Bu versiya o‘tgan yilning oktyabrida paydo bo‘lgan bo‘lsa-da, u rasmiy striming platformalarida hali e’lon qilinmagan edi. DJ trekni Rozaliya bilan kelishmasdan chiqarolmagan. Remiks esa internetga joylangan qisqa video tufayli mashhurlikka erishgan.
Ushbu chiqishdan Killian Myorfiy katta taassurot olganini aytdi. U bu haqda BBC Radio 6 Music efirida gapirib, endi Rozaliya va Borkning ijodiga muxlis bo‘lib qolganini aytdi.

