Selena Gomez amerikalik qo‘shiqchi va aktrisa Teylor Svift u haqda qo‘shiq yozganini aytdi. “Dorothea” treki aynan unga bag‘ishlangani ma’lum bo‘ldi, deb yozadi The Independent.
San’atkorlar o‘n sakkiz yildan beri tanish va yaqin do‘st. Gomez bir necha bor Sviftni o‘zining eng yaqin dugonasi deb atagan. 2020-yilda chiqqan “Evermore” albomida “Dorothea” qo‘shig‘i paydo bo‘lganida, muxlislar darhol u Selena haqida ekanini taxmin qilishgan.

Qo‘shiqda Svift “kichik shaharchasini tark etib, Gollivud orzularini ro‘yobga chiqarish uchun ketgan qiz” haqida kuylaydi. Endilikda esa qo‘shiq qahramoni “kosmetika sotadi”.
Gomez avval “Dorothea” unga bag‘ishlangani haqidagi mish-mishlarga izoh bermagan edi. Biroq yaqinda turmush o‘rtog‘i Benni Blankoning videoloyihasida bu gaplarni tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Teylor u haqda hatto ikkita qo‘shiq yozgan. Ikkinchi qo‘shiq esa nashr etilmagan. Yulduzlar uni birgalikda yozishgan va qo‘shiq “Family” deb nomlangan.
“‘Dorothea’ men haqimda. O‘ylaymanki, bizni shakllantirgan ko‘plab lahzalar — munosabatlar, oila, sevgi va nafrat hamda ular orasidagi hamma narsani — biz birga boshdan kechirdik. O‘shanda men 15 yoshda, u esa 18 yoshda edi”, — dedi Gomez.
Uning aytishicha, qo‘shiq Svift ularning hayotida sodir bo‘lgan voqealarni naqadar ta’sirchan va ravon ifoda etgani bilan uni hayratga solgan. Selena har ikkala qo‘shiqni ham juda ta’sirli deb hisoblaydi, chunki Taylor ularda ularning do‘stligi va ro‘yobga chiqqan orzulari haqidagi hikoyani so‘zlab bergan.

