“Garri Potter” filmidagi bosh roli bilan tanilgan britaniyalik aktyor Deniyel Redkliff o‘g‘lining aktyorlik kasbini tanlashini istamasligini aytdi. Bu haqda u Uoll-Strit jurnali nashrga bergan intervyusida ma’lumot qilgan.

Redkliff kelajakda ikki yoshli o‘g‘li omma oldidagi kasbni tanlamasligiga umid qilishini ta’kidladi. “O‘g‘lim aktyor yoki mashhur inson bo‘lishini xohlamayman”, — dedi u.
Aktyorning so‘zlariga ko‘ra, o‘zi suratga olish maydonchasida ishlashni yoqtirgan. Biroq erta kelgan mashhurlik u uchun oson sinov bo‘lmagan. Shunga qaramay, uning aytishicha, “Garri Potter” jamoasi yosh aktyorlarga doimo g‘amxo‘rlik qilgan. Shuningdek, ota-onasi uni doim qo‘llab-quvvatlaganini aytgan.
“Ular to‘g‘ri muvozanatni topa olishgan: bir tomondan, bu juda o‘zgacha va hayajonli edi, boshqa tomondan esa unda g‘alati jihatlar ham bor edi”, — deya tushuntirdi u.
Redkliff ko‘pincha o‘zi, Rupert Grint va Emma Uatson — “Garri Potter” franshizasining boshqa yulduzlari — haqida yaxshi misol sifatida gapirilishini aytdi. Ularning uchalasi ham ulg‘ayib, faoliyatini davom ettirdi va mashhurlik sinovidan o‘ta oldi. “Balki shundaydir, ammo hammasi yaxshi yakun topishi uchun biz o‘z ustimizda juda ko‘p ishladik”, — dedi u.

Avvalroq Redkliff “Garri Potter” romanlari asosida suratga olinadigan yangi ekranizatsiyada ishtirok etadigan yosh aktyorlar haqida ham xavotir bildirgan edi. U ularning ishini avvalgi filmlardagi ijro bilan taqqoslamaslikni so‘radi.
“Bu shunday holatlardan biri: menimcha, biz boshqalar nimani his qilayotganini yaxshi tushunamiz, chunki o‘zimiz ham shuni boshdan kechirganmiz. Bu bolalarning suratlarini ko‘rganingda, yoniga borib quchoqlaging keladi. O‘ylaymanki, bunday tuyg‘u hammamizda paydo bo‘ladi”, — deya fikr bildirdi aktyor.

