Amerikalik reper Cardi B Los-Anjelesdagi konserti davomida to‘rtinchi farzandining otasi — NFL yulduzi Stefon Diggs bilan munosabatlari yakunlanganini rasman tasdiqladi. Bayonot “Little Miss Drama Tour” doirasidagi chiqish paytida yangradi va tez orada ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘ldi.

Konsert davomida Cardi B “Pretty & Petty” trekini ijro etishdan oldin shunday dedi: u endi farzandining otasi bilan birga emas. Shuningdek, u sobiq munosabatlariga nisbatan izoh berayotganlarga murojaat qilib, shaxsiy hayotiga aralashmaslikka chaqirdi. Mazkur chiqish omma oldida aytilgani bois, ajralish haqidagi gap-so‘zlarga nuqta qo‘yildi.
Ajralish haqidagi ilk taxminlar 2026-yil 8-fevral kuni bo‘lib o‘tgan Superkubokdan keyin kuchaydi. Tadbir Levi’s Stadium (Kaliforniya) stadionida o‘tkazilgan. Cardi B va Stefon Diggs ijtimoiy tarmoqlarda bir-birini kuzatishni to‘xtatgani qayd etildi. Ushbu holatlar muxlislar orasida munosabatlar sovuqlashgani haqidagi fikrlarni kuchaytirgan edi.

Cardi B va Stefon Diggs 2025-yil may oyida omma oldida birga ko‘rinib, munosabatlarini tasdiqlagan. 2025-yil sentyabr oyida reper to‘rtinchi farzandini kutayotganini ma’lum qilgan, noyabr oyida esa chaqaloq dunyoga kelgan.
Cardi B bundan avval reper Offset bilan turmush qurgan va undan uch farzandi bor. Stefon Diggsning ham avvalgi munosabatlaridan farzandlari borligi ochiq manbalarda qayd etilgan.

