Jon Lejendning Markaziy Osiyodagi ilk konserti 8-iyun kuni Samarqandning Registon maydonida bo‘lib o‘tadi. Bu haqida Madaniyat va san’atini rivojlantirish jamg‘armasi ma’lum qildi.

“Lejendning mehr-muhabbat va tinchlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan musiqasi Samarqandning qadimiy me’moriy obidalari fonida o‘zgacha aks-sado beradi. Registondagi chiqish nafaqat musiqa bayrami, balki vaqt, tarix va zamonaviy jahon madaniyati o‘rtasidagi muloqotning madaniy ramziga aylanadi”, — deya ta’kidladi jamg‘arma.
Jon Lejend soul, R&B va pop janrlaridagi musiqalar muallifi, pianinochi, xonanda, aktyor va prodyuser sifatida mashhur. U o‘z ijodi uchun 13 ta “Gremmi” statuetkasini hamda “Oskar”, “Emmi” va “Toni” mukofotlarini qo‘lga kiritgan.

Ilk “Gremmi” mukofotlarini unga 2004-yilda chiqqan “Get Lifted” albomi keltirgan.
2015-yilda Jon Lejend reper Common bilan birgalikda “Selma” filmi uchun “Glory” trekini yozgan va ushbu asar “Eng yaxshi original qo‘shiq” nominatsiyasida “Oltin globus” hamda “Oskar” mukofotlariga sazovor bo‘lgan.
U shuningdek, Kanye Uest, Jay-Z, The Black Eyed Peas, Andre 3000, Ariana Grande, Janet Jekson, The Roots va boshqa ko‘plab san’atkorlar bilan hamkorlik qilgan. Bundan tashqari, Jon Lejend oltita “Oskar” mukofoti bilan taqdirlangan “La La Land” (2016) filmida musiqachi va jaz-klub sohibi Kit rolini ijro etgan.

