
Internetda Ozodbek Nazarbekov to‘yda qo‘shiq kuylab, unga qistirilgan pullarni olayotgani aks etgan video tarqaldi. Madaniyat vazirligining Kun.uz’ga bildirishicha, to‘ylardagi qistir-qistir “asrlar davomida shakllangan milliy urf-odat” va “orzu-havas” hisoblanadi. Vazirlikka ko‘ra, agar xonanda uzatilgan pullarni olishdan bosh tortganida, bu kamsitish yoki mensimaslik sifatida talqin qilinishi mumkin edi.
Tarqalgan videodagi holat 2025-yil 25-oktyabr kuni, vazirlik xodimining nikoh to‘yida bo‘lgan.
“Videoda vazir Ozodbek Nazarbekovga muxlislar tomonidan pul uzatilgani aks etgan. Shu bilan birga, vazir ushbu holatni oldindan rejalashtirmagani, yuzaga kelgan vaziyatda fuqarolarning xohish-irodasini rad etish ularni omma oldida noqulay ahvolga solib qo‘yishi, kamsitish yoki mensimaslik sifatida noto‘g‘ri talqin qilinishi mumkinligi inobatga olingan holda, holatga ijobiy munosabat bildirilganini kuzatish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, to‘y marosimlarida xonandalarga pul uzatish yoki uzatmaslik amaldagi qonunchilik bilan taqiqlanmagan bo‘lib, bu holat xalqimiz orasida asrlar davomida shakllangan milliy urf-odat va qadriyatlarning bir qismi hisoblanadi. O‘zbekona an’analarda bunday jarayonlar “orzu-havas” sifatida e’tirof etilib kelinadi”, deyiladi vazirlik izohida.
Qayd etilishicha, Ozodbek Nazarbekov – nafaqat madaniyat vaziri, balki taniqli o‘zbek xonandasi, O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston xalq artisti, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi hisoblanadi. Uning kasbiy faoliyati bevosita milliy qo‘shiqchilik san’ati bilan bog‘liqligi sababli, to‘y marosimida kuzatilgan holat vazirning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq vaziyat sifatida baholanishi lozim, deydi vazirlik rasmiysi.
“Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, har bir inson egallab turgan lavozimidan qat’i nazar, o‘z tanlagan kasbidan ayro bo‘la olmaydi. Mazkur holat ham aynan shu nuqtayi nazardan kelib chiqqan”, deyiladi izohda.

