“Bo‘ronli dovon” filmi prokatning ikkinchi haftasi yakuniga ko‘ra jahon kassalarida 150 million dollar daromad to‘pladi. Biroq dam olish kunlari yetakchilikni 14 million dollardan ortiq tushum bilan “Echki: katta orzu” animatsion filmi egalladi.

Filmning ishlab chiqarish byudjeti 80 million dollarni tashkil etadi va loyiha hozirda o‘zini oqlash bosqichiga yaqinlashgan. Tahlillarga ko‘ra, kartina 250 million dollar chegarasidan oshsa, Warner Bros. studiyasi uchun moliyaviy jihatdan muvaffaqiyatli loyiha sifatida baholanadi. Amaldagi dinamikaga qaraganda, bu natijaga mart oyi o‘rtalariga borib erishilishi mumkin.
Film syujeti Emili Brontening klassik asari asosida yaratilgan bo‘lib, sevgi, rashk va ijtimoiy tafovutlar fonida kechadigan murakkab munosabatlarni tasvirlaydi. Voqealar markazida Ketrin Ernsho va Xitkliff o‘rtasidagi dramatik sevgi hikoyasi turadi. Xitkliff Ketrinning otasi tomonidan boqib olinadi, ammo otasi vafotidan so‘ng Ketrinning akasi uni xizmatkordek tutib, kamsita boshlaydi. Shu ziddiyatlar asar dramatizmini kuchaytiradi.
Kartinada bosh rollarni Margo Robbi va Jaykob Elordi ijro etgan. Ularning aktyorlik ishlari tomoshabinlar va tanqidchilar tomonidan ijobiy baholanmoqda.

