Prezident Shavkat Mirziyoyev 26-oktyabr kuni kinoijodkorlar bilan o‘tkazgan uchrashuvida mamlakat kinematografiyasini tubdan isloh qilishga qaratilgan muhim tashabbuslarni e’lon qildi.
Unga ko‘ra, amaldagi “O‘zbekfilm” davlat muassasasi tugatilib, uning o‘rnida “O‘zbekfilm” milliy kinokompaniyasi tashkil etiladi. Yangi tuzilma film suratga olish o‘rniga istiqbolli kino loyihalarini tanlash, moliyalashtirish, tayyor asarlarni targ‘ib qilish va xalqaro bozorlarga olib chiqish bilan shug‘ullanadi.

Davlat buyurtmasi o‘rnini subsidiyalar egallaydi
Islohotlarning muhim jihatlaridan biri filmlarni moliyalashtirish tizimining o‘zgarishidir. Endilikda davlat buyurtmasi asosida film suratga olish amaliyotidan voz kechilib, ijodkorlarni subsidiya orqali qo‘llab-quvvatlash tizimiga o‘tiladi.
“Bundan buyon davlat filmning buyurtmachisi emas, ijodkorlar va xususiy sektorning ishonchli hamkori bo‘ladi”, — dedi prezident.
Yangi tizimda ijodiy erkinlik va badiiy sifatga ustuvor ahamiyat berilishi, mustaqil rejissyorlar hamda xususiy kinostudiyalar uchun kengroq imkoniyatlar yaratilishi kutilmoqda.

10 gektarlik zamonaviy kino shaharchasi quriladi
“O‘zbekfilm”ning 10 gektarlik hududida zamonaviy kino shaharchasi barpo etiladi. Majmuada kino ishlab chiqarish xizmatlari, zamonaviy dublyaj va ovozlashtirish markazi faoliyat yuritadi.
Kino shaharchasini tashkil etishga 400 milliard so‘m, dublyaj va ovozlashtirish markaziga esa 80 milliard so‘m yo‘naltirilishi belgilangan.
Loyihaning bosh rejasi va loyiha-smeta hujjatlari ikki oy ichida tayyorlanadi. Qurilish ishlari 2027-yil mart oyida boshlanishi rejalashtirilgan.

Kinoijodkorlar uchun yangi tashkilotlar tuziladi
Islohotlar doirasida O‘zbekiston kino sohasi vakillari palatasi tashkil etiladi. U ijodkorlarning mualliflik huquqlari va kasbiy manfaatlarini himoya qilish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash hamda xorijda malaka oshirishiga ko‘maklashadi.
Shuningdek, professional kino tanqidchiligini rivojlantirish maqsadida “Kinoshunoslar klubi” ochiladi. Uning Xalqaro kinotanqidchilar federatsiyasi — FIPRESCIga a’zo bo‘lishiga yordam beriladi.
O‘zbek kinosini qanday kelajak kutmoqda?
Mazkur islohotlar davlatning kino ishlab chiqarishdagi bevosita ishtirokini kamaytirish, xususiy sektorni rivojlantirish va milliy filmlarning xalqaro bozordagi o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan.
Yangi tizim kinoijodkorlarga kengroq ijodiy imkoniyatlar yaratishi mumkin. Biroq uning samarasi mablag‘larning shaffof taqsimlanishi, loyihalarning sifatli amalga oshirilishi va tomoshabinlar e’tirofiga sazovor bo‘ladigan filmlar yaratilishiga bog‘liq bo‘ladi.
Yangi islohotlar o‘zbek kinosida kutilgan ijodiy yuksalishga turtki bera oladimi?

