Monika Belluchchi va Vensan Kasselning 16 yoshli kenja qizi Leoni Kassel modellik faoliyatidagi ilk muhim qadamini tashladi. U Italiyaning Taormina shahrida bo‘lib o‘tgan Dolce & Gabbana Alta Moda namoyishida ilk bor podiumga chiqib, shouni ochib berdi. Moda namoyishi Sitsiliyadagi mashhur Radikepura bog‘ida tashkil etilib, maydon o‘n minglab gullar bilan bezatildi. Kolleksiyada qariyb 100 ta obraz namoyish etildi.
Leoni modellik olamiga opasi Deva Kassel izidan kirib kelmoqda. Deva avvalroq Dolce & Gabbana, Jacquemus, Courrèges va Coperni kabi nufuzli brendlar bilan hamkorlik qilib, Cartier va Dior brendlarining elchisiga aylangan edi. Leoni esa ushbu muvaffaqiyatli debyuti bilan moda olamidagi yangi avlod vakillaridan biri sifatida e’tirof etila boshladi.

