Qatarda nima yeyish mumkin, degan savolga javob berish uchun juda ham mazali bir maqola yozishni istadim. So‘nggi yillarda Qatar tobora mashhurlashib, Yaqin Sharqning yetakchi turizm va biznes markaziga aylanib bormoqda. Bu mamlakatga sayohat qiluvchilar soni keskin oshgani sababli, Qatar safaridan oldin ozgina tayyorgarlik ko‘rib qo‘yish foydadan holi emas deb o‘yladik.
Qatar oshxonasida kardamom va za’faron kabi o‘tkir hidli ziravorlar, shuningdek guruch, bulg‘ur, go‘sht va sabzavotlar keng qo‘llaniladi. Garchi u Eron va Hindiston oshxonalaridan ilhomlangan bo‘lsa-da, Qatar milliy taomlari o‘ziga xos va betakror lazzatlar taklif qiladi. “Qatarda nimani tatib ko‘rsam bo‘ladi?” deb qiziqyapsizmi? Endi qiziqishingizni bir chetga surib qo‘yishingizmumkin. Chunki biz siz uchun mamlakatda eng ko‘p sevib iste’mol qilinadigan taomlar ro‘yxatini tuzdik.
Fatayer

Fatayer — bu qatarda juda ommalashgan, ichiga turli mahsulotlar solib pishiriladigan xamirli pirog turidir. Ko‘pincha ismaloq, pishloq yoki go‘sht bilan tayyorlangan bo‘ladi. Bu pishiriq nonushta uchun yoki kechki payt choy yoniga juda mos keladi. Yengil, lekin to‘yimli taom izlayotganlar uchun ayni muddao!
Yupqa xamirli taomlar sizning eng sevimli taomlaringizdan bo‘lsa, albatta Fatayerni tatib ko‘rishingiz kerak. Ismaloq, kartoshka yoki pishloq bilan tayyorlangan ushbu kichik, yengil gazak — ayniqsa ochlikni bosish uchun juda qulay. Fatayer faqat Qatarda emas, balki Iroq, Suriya, Falastin, Misr, Livan, Iordaniya va boshqa ko‘plab Arab mamlakatlarida ham keng tarqalgan va sevib iste’mol qilinadigan taom hisoblanadi.
Machboos

Machboos (ba’zan Kabsa deb ham ataladi) — tovuq, qo‘y, echki, mol, tuya go‘shti yoki baliq kabi deyarli har qanday go‘sht turi bilan tayyorlanadigan, o‘ziga xos arabcha taomdir. Guruch, sabzavotlar va maxsus souslar bilan aralashtirib pishiriladigan bu noyob taom, bizga ham juda mos keladi. Qatar safarida albatta tatib ko‘rilishi kerak bo‘lgan asosiy milliy taom deb aytolamiz.
Falafel

Falafel — an’anaviy Yaqin Sharq taomlaridan biri bo‘lib, pide noni bilan yoki o‘zi iste’mol qilinadi. Bu taom no‘xat va ba’zida loviyasi bilan tayyorlanadi. Kunjut sousi, limon va qatiq bilan birga beriladigan bu yumaloq kotletchalar, kuchli va boy ta’mli ovqatlarni yoqtiradiganlar uchun ayni muddao.
Shaurma

Endi navbatda mening eng sevimli taomlarimdan biri bo‘lgan Shaurmaga. Ingichka lavashga o‘ralgan va mazali souslar bilan boyitilgan Shaurma, ko‘rinishi bilan takoga o‘xshasa-da, og‘izda betakror ta’m qoldiradi. Bo‘laklarga bo‘linib dasturxoningizga tortiladigan, Qatarga xos go‘shtli shourma taomi kartoshka fri, salat yoki makaron bilan birga iste’mol qilinishi mumkin.
Tabbouleh

Arabcha vegetarian salati bo‘lib, juda to‘yimli va mazali masalliqlarga boy. Bu salat pomidor, mayda to‘g‘ralgan petrushka, yalpiz, bodring va piyoz kabi mintaqaga xos sabzavotlardan tayyorlanadi. Undan tashqari, unga limon sharbati, zaytun moyi, sarimsoq, avakado va aysberg kabi qo‘shimcha mahsulotlar ham qo‘shilishi mumkin.
Balaleet

Agar noodatiy va mahalliy taomlarni yoqtirsangiz, Balaleet deb ataladigan Qatarga xos gazakni albatta tatib ko‘rishingiz kerak. Odatda nonushta yoki yengil ovqat sifatida tanlanadigan Balaleet, xohishingizga ko‘ra issiq yoki sovuq holatda iste’mol qilinadi. Uning tarkibida qo‘ziqorin, tuxum, pishloq, yong‘oq va o‘rik kabi bir-biriga zid, ammo uyg‘un ta’mga ega mahsulotlar bo‘lib, bu taomni o‘zgacha bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Harees

Qaynatilgan yoki maydalangan bug‘doyni go‘sht yoki tovuq bilan aralashtirib tayyorlanadigan taom bo‘lib, quyuq pyurega o‘xshagan ta’mi bilan ajralib turadi. Ramazon oyida eng ko‘p tayyorlanadigan an’anaviy taomlardan biri hisoblangan Harees, Qatardan qaytishdan oldin albatta tatib ko‘rilishi kerak bo‘lgan mazali taomlardan biri hisoblanadi.