
So‘nggi haftalarda mashhur turk aktrisasi Hande Erchel Turkiya OAV e’tibor markazida bo‘lib kelmoqda. Avvaliga bu qiziqish aktrisaning prodyuser Onur Guvenatam bilan bo‘lgan munosabatlari haqidagi xabarlar bilan bog‘liq bo‘lgan bo‘lsa, endilikda jurnalistlar Erchelning Turkiyani butunlay tark etish niyati borligi haqida yozmoqda.
OAVda tarqalgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Hande Erchel Londonga ko‘chib o‘tishni rejalashtirgan. Xabarlarga qaraganda, aktrisa Buyuk Britaniya poytaxti markazidan qiymati 200 million turk lirasiga (taxminan 4,7 million AQSH dollari) teng bo‘lgan hashamatli uy sotib olgan. Bu haqda Ensonhaber, Milliyet va boshqa nufuzli turk nashrlari ma’lum qilmoqda. Shuningdek, aytilishicha, Erchel bir necha kun avval hujjat masalalarini hal qilish va ko‘chish uchun zarur tayyorgarlik ko‘rish maqsadida o‘z uyiga qaytgan.

Ayni paytgacha aktrisa ushbu xabarlarga rasmiy izoh bermagan. Shu sababli uning muxlislari jurnalistlar vaziyatni noto‘g‘ri talqin qilgan bo‘lishi mumkin, degan fikrni ilgari surmoqda. Chunki bir necha oy oldin Erchelning Londonda yashash rejalari borligi haqida gap-so‘zlar chiqqan edi, biroq bu doimiy ko‘chish emas, balki dam olish, ta’til o‘tkazish hamda aktyorlik bo‘yicha malaka oshirish kurslarida qatnashish bilan bog‘liq ekani aytilgandi.
Avvalroq Hande Erchel London markazida joylashgan uyni uzoq muddatli ijaraga olish bo‘yicha kelishuv tuzgan va Buyuk Britaniyaga borganda aynan shu uyda yashashi rejalashtirilgan edi. Ammo teleboshlovchi Eje Erkenning ma’lumotiga ko‘ra, aktrisa keyinchalik ushbu ko‘chmas mulkni sotib olishga qaror qilgan.

Shu bilan birga, turk seriallari yulduzi aktyorlik faoliyatidan voz kechishni rejalashtirmayotgani ta’kidlanmoqda. Hande Erchel bir necha intervyularida kino va seriallarda suratga tushish uning uchun shunchaki kasb emas, balki hayotining ajralmas qismi ekanini qayd etgan. Shu sababli Londondagi uy aktrisa uchun shaxsiy hayot va professional faoliyatni uyg‘unlashtirish, dam olish va ishni bir joyda olib borish imkonini berishi kutilmoqda.

